Xatirchi tumanida yangi gemodializ markazi foydalanishga topshirildi

    Salomatlik 3 Iyun 2023 1122

    Ayni paytda Navoiy viloyatida 98 nafar gemodializga muhtoj bemorlar boʻlib, bugungacha ularga 3 ta — Navoiy, Zarafshon shaharlari va Qiziltepa tumanidagi markazlarda tibbiy xizmat koʻrsatilgan.

    Sharoit yoʻqligi bois Xatirchi tumanidagi 16 nafar bemor 80 km yoʻl bosib, muolajalarni Navoiy shahrida olishiga toʻgʻri kelgan.

    Endilikda bunga hojat qolmadi. Tumanda yangi gemodializ markazi filialining foydalanishga topshirilishi hududda yashovchi bemorlarning uzogʻini yaqin qilib, turli ovorgarchiliklarga chek qoʻydi.

    Buning uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu markaz 1,2 mlrd soʻm qiymatidagi 3 ta gemodializ apparati, suv tozalash uskunasi va mikser bilan jihozlandi.

    Shuningdek, tuman hokimligi tomonidan filial binosini taʼmirlash uchun 500 mln. soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi.

    Maʼlumot oʻrnida: 2018-yilgacha viloyatda dializ filtrlari 4-5-marta ishlatilib, seanslar 1,5-2 soat davom etgan. Baʼzan esa navbatlar tungi paytlarga ham toʻgʻri kelgan.

    Bugunga kelib, hududda tasdiqlangan standart asosida bemorlarning toʻliq 4 soat davomida muolaja olishiga imkon yaratildi. Qolaversa, gemodializga muhtoj aholi 7 turdagi dori vositalari — V guruh (V1,V6, V12) va S vitaminlari, temir, eritropoetin preparatlari, oqsil moddalari hamda aminokislotalar, geparin) bilan bepul taʼminlanmoqda.