Hujjat Prezidentning 31.05.2023-yildagi PQ-171-son qarori ijrosini taʼminlash doirasida, shuningdek Oʻzbekiston tomonidan qabul qilingan xalqaro shartnomalar talablariga muvofiq, ayrim turdagi kimyoviy moddalarni nazorat qilish va ularning atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida qabul qilindi.
Hujjatga ilova qilingan roʻyxatda keltirilgan chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish uchun import qilishda:
• chiqindilarni mustaqil ravishda toʻliq utilizatsiya qilish, qayta ishlash yoki qayta foydalanishni amalga oshiruvchi importyorlar – chiqindilarni utilizatsiya qilish, qayta ishlash yoki qayta foydalanish jarayonlarining atrof-muhitga taʼsiri toʻgʻrisidagi ariza loyihasi boʻyicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasiga ega boʻlishlari shart;
• chiqindilarni mustaqil ravishda toʻliq utilizatsiya qilish, qayta ishlash yoki qayta foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmagan importyorlar – bunday chiqindilarni topshirish yoki realizatsiya qilish boʻyicha chiqindilarni utilizatsiya qilish va (yoki) qayta ishlashni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar bilan shartnoma tuzishlari shart.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Oʻzbekiston Respublikasiga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar va chiqindilar Roʻyxati;
- Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi taqiqlangan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari va boshqa turgʻun organik ifloslantiruvchilar Roʻyxati;
- Import-eksport qilinishi davlat tomonidan tartibga solinadigan va majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim boʻlgan xavfli mahsulotlar va chiqindilar Roʻyxati.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 11.04.2025-yildan kuchga kiradi.