Bugungi kunda mamlakatimizda xavfsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi masalasi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, 2026-yil 3-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi ushbu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Mazkur hujjat 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori ijrosi doirasida erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash hamda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash borasidagi ishlarni “manzilli ishlash” tamoyili asosida tashkil etishga xizmat qilmoqda.

Yangi qarorning tub mohiyati — muammoni oqibati bilan kurashish emas, balki uning sababini mahalla darajasida aniqlash va bartaraf etishdir.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti ham faol ishtirok etib, Yashnobod hamda Yangihayot tumanlaridagi mahallalar va ta’lim muassasalarida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu borada ayniqsa “Street Law” loyihasi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, mazkur loyiha doirasida ijtimoiy muammolarga huquqiy yechimlarni oddiy va hayotiy misollar bilan tushuntirish orqali yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirishning o‘ziga xos mexanizmi yaratildi. Bu esa murakkab qonun normalarini o‘quvchilar uchun tushunarli va qiziqarli shaklda yetkazib berish imkonini bermoqda.

Xususan, 2026-yil 20-fevral kuni Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan 282-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirlar buning yaqqol misolidir. Universitetning Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish sho‘basi tomonidan tashkil etilgan “Huquqiy zakovat” intellektual musobaqasi hamda “Huquqbuzarliklarga qarshi kurashish va uning salbiy oqibatlari” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir davomida huquqbuzarliklarning yoshlar hayotiga, oilaga hamda davlat va jamiyat taraqqiyotiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri chuqur tahlil qilindi. 40 nafarga yaqin o‘quvchi ishtirok etgan mazkur uchrashuvda yoshlar nafaqat nazariy bilim oldilar, balki hayotiy misollar orqali qonun ustuvorligining ahamiyatini anglab yetdilar. “Huquqiy zakovat” bahslarida o‘z bilimini namoyon etgan va muloqot jarayonida faollik ko‘rsatgan o‘g‘il-qizlar universitet tomonidan munosib taqdirlandi.

Xulosa qilib aytganda, Prezident qarori bilan belgilangan “yaxlit manzilli ishlash tizimi” bugun hayotga samarali tatbiq etilmoqda. TDYU tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi amaliy ishlar mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Zero, huquqiy bilimi yuksak yoshlar — xavfsiz mahalla va farovon kelajak bunyodkorlaridir.

 

Abdurasulova Xadichaxon,
Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi,
kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish sho‘basi o‘qituvchisi