Oʻzbekiston va AQSh mutaxassislari toʻgʻonlar xavfsizligini taʼminlash va ulardan samarali foydalanish sohasida keng qamrovli masalalarni muhokama qilishdi, deya xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning AQShdagi elchixonasi tashabbusi bilan videokonferensiya shaklida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Gidrovodxoznadzor boʻyicha davlat inspeksiyasi, AQSh qurolli kuchlari muhandislari korpusi – USACE va oʻzbekistonlik diplomatlar ishtirok etishdi.

Videokonfrensiya davomida toʻgʻonlarning jismoniy xavfsizligini oshirish, ilgʻor avtomatlashtirish tizimlari va innovatsion yechimlarni qoʻllash orqali ularning ishlashini monitoring qilish masalalari koʻrib chiqildi.

Tomonlar yaqin kelajakda oʻzaro maʼlumot almashishni, texnik yechimlar ishlab chiqishni, toʻgʻonlarning xavfsiz ishlashi uchun meʼyoriy va institutsional bazani takomillashtirishni koʻzda tutuvchi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash toʻgʻrisida kelishib oldilar.

Shuningdek, uchrashuvda oʻzbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarini tashkil etish muhimligi ham taʼkidlandi.