Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshligʻi oʻrinbosari M.Kuranov, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi oʻrinbosari A.Yunusov “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatlarga ketayotgan shaxslarni va band boʻlmagan aholini oʻqitishni tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorlari va boshqa topshiriqlarda belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosini oʻrganish maqsadida Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida tashkil etilgan uchrashuvda joriy yilda Jizzax viloyatida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida xususan, xorijda ishlash istagida boʻlgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga oʻqitish koʻlamini kengaytirish va samaradorligini oshirish, chet davlatlarning vakolatli tashkilotlari va ish beruvchilari bilan hamkorlik oʻrnatish, ularda aniqlangan ish oʻrinlariga fuqarolarni tashkillashtirilgan tartibda ishga yuborish, mehnat migrantlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xorijdan qaytgan fuqarolar bandligini taʼminlash, tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish kabi ishlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xorijga ketgan fuqarolar va ularning oila aʼzolaridan xabar olish va muammolarini aniqlash boʻyicha viloyat Ishchi guruhi hamda mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va inspektorlariga mahalla, sektor va tumanlardagi Ishchi guruhlari faoliyatini samarali va toʻgʻri tashkil etish boʻyicha tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berildi.

Maʼlumotga koʻra, viloyatda 18 ming 74 nafar xorijda yurgan fuqarolar oʻrganilgan. Qolgan 18 ming 975 nafar fuqaroni tez kunda oʻrganish ishlarini yakunlash boʻyicha topshiriq berildi.

Ishchi guruhi Jizzax shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazining yakuniy qurilish ishlari bilan tanishdi. Kelgusida markaz tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan masalalar yuzasidan taklif berildi.

2021-yil 25-yanvardagi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslarni va band boʻlmagan aholini oʻqitishni tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi” Prezident qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha Jizzax arxitektura va qurilish kasb-hunar kolleji joyiga borib oʻrganildi.

Qaror boʻyicha mazkur kollej negizida qurilish sohasi boʻyicha malakali mutaxassislar tayyorlash markazini tashkil etish belgilangan boʻlib, markazga borib oʻrganilganda yetarlicha ishlar bajarilmagani aniqlandi.

Shuningdek, Ishchi guruhi aʼzolari Sharof Rashidov tumani “Soʻgʻdiyona”, “Yangi diyor” va “Umar” MFYlarda, Mirzachoʻl tumani aholi bandligiga koʻmaklashish markazi va kasb-hunarga oʻqitish markazi, “Doʻstlik”, “Gʻalaba” va “Erjon” MFYlarida boʻlib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni tez kunda bartaraf qilish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.