Mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan ushbu tadbirda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonning xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning majlis qatnashchilariga murojaatini Prezident huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov oʻqib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari oʻz murojaatida bugun dunyoda global geosiyosiy vaziyat murakkablashib, anʼanaviy chaqiriq va tahdidlar kuchayib, yangilari paydo boʻlayotgan sharoitda Hamdoʻstlik davlatlarining xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalari boʻyicha pozitsiyalarini mustahkamlash har qachongidan ham zarurligini taʼkidlagan.
Tadbirda ishtirokchilar zamonaviy xavf va tahdidlar yuzasidan fikr almashib, MDH davlatlari razvedka xizmatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha galdagi vazifalarni muhokama qiladilar.
Uchrashuv yakunida delegatsiyalar rahbarlari mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha hamkorlikning aniq vazifalari va ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olishi koʻzda tutilgan.