Bugun ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Andijon shahridagi pichoqbozlikka “Xabar.uz”ga asosan oydinlik kiritgan Bosh prokuratura matbuot xizmati chindan ham shunday voqelik yuz berganini tasdiqladi.

Unga koʻra, ayanchli holat bugun — 21-iyul kuni soat 15:55 lar chamasida Andijon shahrining Eski shahar mavzesidagi milliy taomlar oshxonasida sodir boʻlgan. Pichoqbozlikka sabab ichkilik boʻlgan.

Yaʼni, 1967-yilda tugʻilgan T.S. mast holatda oshxonaga kelib, nasiyaga spirtli ichimlik soʻragan, ammo oshxona ish yurituvchisi 22 yoshli Sh. R. Uning iltimosini rad etganidan achchiqlanib, janjal koʻtaradi va yonida boʻlgan pichoq bilan yigitning chap koʻkragiga bir marotaba urib, unga ogʻir tan jarohati yetkazadi.

Voqea joyida boʻlgan fuqarolarning saʼy-harakati bilan jabrlanuvchi RSHTYOIM Andijon filialiga olib kelinadi va oʻz vaqtida koʻrsatilgan tibbiy yordam sabab hayoti saqlab qolindi.

Hozirda holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Pichoq urgan T.S. muqaddam Jinoyat kodeksining 104-moddasi (“qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish”) bilan bir necha marotaba sudlangani aytiladi.