Yaqin o'tmishda o'zimiz guvoh bo'lgan, ustoz-murabbiylarni obodonlashtirish va qishloq xo'jaligi ishlariga jalb qilishdek noma'qul amaliyotlarga barham berilgani ularga hurmatning eng go'zal ko'rinishi bo'ldi. Ilmiy daraja va unvonlar inobatga olinib, oylik maoshlarimiz sezilarli darajada oshirib borilyapti. Shuningdek, soha fidoyilari ilmiy-pedagogik faoliyatda, barkamol avlodni tarbiyalashda erishgan yutuqlari uchun moddiy va ma'naviy rag'batlantirilyapti.

Yangi oliy ta'lim muassasalari va xorijiy oliy o'quv yurtlarining filiallari, qo'shma fakul`tetlar ochildi, qabul kvotalari, ayniqsa, unda byudjet o'rinlari salmog'i, maktab bitiruvchilarining oliy ta'lim tizimiga qamrovi keskin ortib boryapti.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oliy ta'lim muassasalariga qabul bo'yicha o'tkaziladigan test jarayonlarining takomillashtirilishi, ayniqsa, ko'pchilikning ko'nglidagi ish bo'ldi. Abiturientlarga avval uchta, keyin beshta ta'lim yo'nalishi bo'yicha tanlovlarda bir marta topshirgan test sinovlari natijalari bilan ishtirok etish imkoniyati yaratilgani oliy ta'lim muassasalariga haqiqiy bilimli yoshlarni saralab qabul qilish imkonini bermoqda. Natijada omma orasida adolatli test sinovlariga ishonch ortdi. Bir so'z bilan aytganda, mazkur o'zgarishlar iqtidorli farzandlarimizga yuksak parvoz uchun qanot bermoqda.

Bugun yurtimizning qay bir go'shasiga bormaylik, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini ko'rib, dilimiz yayraydi. SHahar va qishloqlardagi muhtasham binolarni, yangi ish o'rinlari barpo etayotgan tadbirkorlarni, xalqning rizqu ro'zini yaratayotgan qadoq qo'lli dehqon va sohibkorlarni, obod va ko'rkam bo'lib borayotgan, gullarga burkanayotgan mahallalar, ko'chalaru xonadonlarni, yuzida tabassum, dilida shukronalik hissi ufurib turgan yurtdoshlarga qarab, xalqimizning Prezidentimiz boshchiligida tanlagan yo'li naqadar to'g'riligi, islohotlar va bunyodkorlik amaliy natijalarini namoyon etayotganidan xushnud ekanini dildan his qilaman.

Mamlakatimizda ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma'naviy sohada yuz berayotgan asrlarga ta'tigulik ijobiy o'zgarishlar nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijliklar – saylovda ishtirok etgan kuzatuvchilar tomonidan ham e'tirof etilmoqda. Ana shunday pallada ko'ngilni faxru iftixor tuyg'ulari egallaydi.

Dunyoga buyuk olim va mutafakkirlarni bergan yurtimizda inson qadr-qimmatini yuksaltirish, huquq va erkinliklarini kafolatlash, ilm-fan taraqqiyotini ta'minlash va innovatsion jarayonlarni jadallashtirish borasida bugun kechayotgan tizimli islohotlar yaqin kelajakda yanada yuksak natijalarni berishi shubhasizdir.

Keyingi yillarda ijodkorlarga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rliklar ham e'tirofga loyiq. “Do'rmon” ijod uyida va Yozuvchilar uyushmasi poliklinikasida sharoitlar tubdan yaxshilandi. Zomin va Parkent ijod uylari barpo etilib, yozuvchi va shoirlarning ijod qilishi va maroqli dam olishi ta'minlandi. Yosh ijodkorlarning qator kitoblari chop etilib, ta'lim muassasalariga beminnat etkazilayotgani ko'plab ijodkor yoshlarni ezgu maqsadlarga ruhlantirayotgani aniq.

Ijod ahliga ko'rsatilayotgan e'tibor va g'amxo'rliklar faxr tuyg'ularini his qilish bilan birga zimmamizga ulkan mas'uliyat yuklaydi. Zero, xalqimizning ma'naviy xazinasini boyitadigan asarlar yaratish, zamonamiz qahramonlari siymosini gavdalantirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish biz, ijod ahlining sharafli va mas'uliyatli vazifamizdir.

Shundan ekan, saylov natijalaridan mamnun xalqimiz, ijodkorlarimiz safida yangi besh yillikda ham amalga oshirilajak ishlarda hamisha oldingi saflarda bo'lish uchun bor kuch-g'ayratimiz, bilim va iste'dodimiz bilan harakat qilamiz, xayrli ishlarga kamarbasta bo'lamiz!

Habib Siddiq,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi