Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari tashabbusi bilan Shayx Alijon qori qiroati asosida Qurʼoni karim tilovatining toʻliq video shakli yozilgan disk va Kalomulloh tarannumiga bagʻishlangan “Qurʼoni karim shafoati” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar bergan.

Tadbir Qurʼoni karim qiroati ila boshlandi.

Marosim avvalida Muftiy hazratlari soʻzga chiqib, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Qurʼoni karim va tajvidni oʻrgatish” boʻlimi jadal faoliyat yuritayotgani, yurtimizning barcha hududlarida Qurʼon kurslari faoliyat olib borayotgani, masjidlardagi azon sadolari goʻzallashib borayotgani, diniy-maʼrifiy kitoblar chop etilib, ularning taqdimoti oʻtkazilayotgani davlatimiz rahbari boshchiliklaridagi xayrli islohotlarning mevasi ekanini alohida taʼkidladilar.

Muftiy hazratlari nutqlari davomida taqdimot sababchisi Shayx Alijon qorining Qurʼoni karim tarannumiga bagʻishlangan kitobi va Qurʼoni karimning toʻliq video shakli bilan muborakbod etdilar, risolada mavzular goʻzal tarzda yoritilganini qayd etdilar.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov soʻzga chiqib, yurtimizda Qurʼoni karimni oʻrganish va oʻrgatishga alohida eʼtibor berilayotgani, Toshkent islom institutida Tahfizul Qurʼon kafedrasi faoliyat yuritayotgani, madrasalarda mahoratli qorilar yetishib chiqayotgani, “Qurʼon va tajvid” oʻquv kurslarida 30 mingdan ziyod fuqarolarimiz Qurʼoni karimni oʻqishni oʻrganishga musharraf boʻlgani, muslim.uz saytining ijtimoiy tarmoqlarida onlayn tajvid suhbatlari olib borilayotgani tarixiy ishlar ekanini alohida taʼkidladi.

Tadbirda Toshkent shahridagi “Burhoniddin Margʻinoniy” jome masjidi imom-xatibi, “Qurʼoni karim shafoati” kitobiga taqriz yozgan Abdulhamid domla Tursunov, misrlik Qurʼoni karim qiroati olimi Shayx Yosir Abdulbosit Muhammad Abdussamad, “Al-Qurʼan mass media” taʼsischisi Kozim Niyozov, “Qurʼon va tajvid” boʻlimi mudiri, mazkur kitob muallifi Shayx Alijon qori soʻzga chiqdi.

Qurʼoni karim qiroatlari, salavotlar va munojotlar marosimga oʻzgacha fayz baxsh etdi.