Viloyat rahbari, Bagʻdoddagi “Fergana Spinning” MCHJ hamda Rishtondagi “Rus-Oʻzbek teks” klaster korxonalarining mashina-traktor parklari hududida jamlangan texnikalarni koʻzdan kechirar ekan, texnika – dehqonning qanoti ekani, uni tejab-avaylagan, sozligini taʼminlab turgan fermer borki, oʻz manfaati uchun ish tutganiga eʼtibor qaratdi.

- Avvallari reja uchun ishlangan boʻlsa, endi manfaat uchun ishlaydigan davr keldi, - dedi Xayrullo Bozorov qishloq xoʻjaligi xodimlari, fermerlar bilan uchrashuvda. – Toʻgʻri, reja kerak, lekin bu rejani ifodalovchi raqamlar fermerning daromadi oshishiga, manfaati ortishiga ham xizmat qilishi kerak. Joriy yilda butun viloyat miqyosida texnikalarning sozligiga, qator oralariga qoʻshimcha agrotexnik ishlov berishga alohida eʼtibor qaratdik. Natijada, paxta yetishtirishda oʻrtacha hosildorlik oʻtgan yilga nisbatan 4 sentnerga oshib, 34 sentnerga koʻtarildi. Albatta, bu osonlikcha boʻlgani yoʻq, lekin uddalasa boʻladigan vazifa ekaniga ishonch hosil qildik. Qoʻshimcha hosildorlik bu – qoʻshimcha daromad degani. Yaxshi daromad olgan fermerda yangi texnika sotib olishga imkon tugʻiladi, ishchilariga alohida eʼtibor bilan qaraydi, kelgusi yilda yanada yuqori marrani koʻzlaydi.

Uchrashuvlar chogʻida tumanlardagi ilgʻor mexanizatorlarga 2 million soʻmdan mukofot pullari va qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.