Tadbirda Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi B.Asadov, Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxona xodimlari, vatandoshlarimiz hamda Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taqdirlash marosimida soʻzga chiqqan Elchi B.Asadov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga muvofiq, Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida sodir boʻlgan favqulodda va murakkab vaziyatda oʻz joni va salomatligini xavf ostiga qoʻyib, koʻp qavatli uyning yuqori qismidan pastga qulab tushayotgan yosh bolaga amaliy yordam koʻrsatgani va uning hayotini saqlab qolgani, xalqimizga xos yuksak jasorat, qahramonlik va fidoyilik fazilatlarini yaqqol namoyon etgani uchun mard va jasur yurtdoshimiz X.Ibadullayev “Jasorat” medali bilan taqdirlanganini taʼkidladi.

Elchi oʻz soʻzida mazkur mukofot nafaqat bir insonning jasoratini eʼtirof etish, balki yurtdoshlarimizning insoniylik, bagʻrikenglik va yuksak maʼnaviy qadriyatlarga sodiqligini namoyon etuvchi muhim ramz ekanini alohida qayd etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Xayrulla Ibadullayev ushbu yuksak eʼtirof uchun Davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, bunday vaziyatda har bir oʻzbek farzandi bolaning hayotini saqlab qolish uchun shunday yoʻl tutishi tabiiy ekanini taʼkidladi. U oʻz harakatini qahramonlik emas, balki insoniy burch deb hisoblashini aytib, koʻrsatilgan yuksak ishonch va eʼtibor unga katta masʼuliyat yuklashini bildirdi.

Tadbir ishtirokchilari yurtdoshimizning jasoratini yuksak baholab, bu kabi ezgu ishlar yosh avlod uchun ibrat namunasi boʻlishini qayd etdilar.