Kuz fasli kelishi bilan xazonrezgi mavsumi boshlanib, shahrimiz aholisi yana bir muammoga duch keladi. U ham bo‘lsa to‘kilgan barglar va kesilgan shox-shabbalarni ko‘chalar, mahallalar, aholi yashash mavzelari, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, qabristonlar, korxona, tashkilotlarda yoqib yuborilayotganligidir. Ushbu holatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, bolalar sho‘xlik qilib barglarni yoqishsa, kattalar axlat uyumidan qutilish uchun, farroshlar esa yig‘ilgan xazonlarni hududning tozaligini ta’minlash uchun yoqib yubormoqda. Buni qanchalik odam organizmiga va atrof-muhitga xavfli ekanligini bir necha misollarda keltirib o‘tsak.
Barg va xazonlar uyumining yoqilishi natijasida atmosfera havosiga is gazi, uglerod oksidi ajralib chiqib, nafas siqishiga va surunkali allergik kasalliklarni xurujlariga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari barglarni yoqib yuborilishi natijasida inson organizmining immunitet tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yoqib yuborilgan barg-xazonlarning zaharli moddalarga to‘yingan tutuni yuqori nafas yo‘llari orqali o‘pkaga o‘tadi va kasalliklar xurujiga sabab bo‘ladi. Birinchi navbatda homiladar ayollar, keksa yoshdagi insonlar va bolalar aziyat chekadi. Allergik kasalliklar va nafas siqishi bilan xastalangan bemorlar bu zaharli tutunlardan yetarlicha aziyat chekadi. Manbalarda keltirilishicha,1 tonna barg va xazon uyumlari yoqilishi natijasida 30 kg zararli modda ajralib chiqadi.
Yonish jarayonida hosil bo‘ladigan qurum va tutunlar nafaqat odam organizmiga va atrof-muhitga, balki, yerning unumdor qatlamiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qadimda ota-bobolarimiz xazon uyumlarini chiritib o‘g‘it sifatida foydalanib kelgan, har bir yerli xonadonda barglarni ko‘mish uchun maxsus o‘ralar bo‘lgan va xazonlar shu o‘raga ko‘milib, kompost qilingan. Xazonlarning chirishi natijasida yer qatlamining unumdorligi ham oshgan.
Mana bir necha yillardan beri xazonlar va shox-shabbalarni yig‘ish hamda kompostlash uchun har bir tumanda bir nechtadan xandaqlar tashkil qilindi. Tumanda aholi yashash mavzelarida to‘plangan barg-xazonlarlar ushbu xandaqlarga tashlanib kelinmoqda. Lekin, ming afsuski xazonlarni yoqib yuborish holatlari xanuzgacha davom etib kelmoqda.
Osmonimiz musaffoligi, atmosfera xavosini tozaligi kelajak avlodlarimiz uchun bizlardan qoluvchi meros. Uni asrash har bir fuqaroninig burchidir.
J. Mirzamuhamedov,
Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi va jamoat salomatligi xizmati
Toshkent shahar boshqarmasi kommunal gigiyena bo‘limi mudiri