Muzokaralarda Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov, «Oʻzkimyosanoat» AJ raisi J.Mirzamahmudov va Oʻzbekiston Respublikasining Malayziyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi R.Usmonov ham ishtirok etdilar.
Kun tartibida Xorazm viloyatidagi “Xazorasp” erkin iqtisodiy zonasida kaustik soda va suyuq xlor ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari oʻrin oldi. Malayziya kompaniyasi rahbari ushbu loyihani oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga sodiqligini bildirdi va yaqin kelajakda “Thyssen Krupp” kompaniya rahbariyati bilan loyiha uchun texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqishni tezlashtirish choralari koʻrilishini maʼlum qildi.
Shuningdek, investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha keyingi qadamlar muhokama qilindi va mavjud amaliy masalalar ishlab chiqildi.
Malayziyalik investorga Oʻzbekiston hukumatining investitsiya loyihasini sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish uchun har tomonlama va samarali yordam berishga tayyorligi tasdiqlandi. Zavod qurilishi hududning sanoat va eksport salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlashga, shuningdek, qoʻshimcha ish oʻrinlarini yaratishga imkon beradi.
Muzokaralar yakunida zavodni joriy yilning noyabr oyida qurish boʻyicha ishlarni boshlashni nazarda tutgan holda loyihani amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha keyingi harakatlar kelishib olindi.
Malayziya kompaniyasi hamda Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralar rahbariyati ishtirokida loyiha amalga oshirilishining monitoringi muntazam ravishda olib boriladi va bu loyihani amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan muammoli masalalarni tezkor ravishda aniqlash va hal qilishga imkon beradi.
Maʼlumot uchun: “Serba Dinamik Group Berhad” kompaniyasi 100% toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni (250 mln AQSH dollari) jalb qilgan holda Xorazm viloyatidagi “Xazorasp” EIZda kaustik soda va suyuq xlor ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha loyihani amalga oshirmoqda. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish “Thyssen Krupp Uhde Chlorine Engineers s.p.l.” (Germaniya) kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 33 ming tonna kaustik soda va 30 ming tonna suyuq xlorni tashkil etadi.