Hazrati Imom majmuasida kitob koʻrgazmasi tashkil etiladi

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan 6‒7-aprelʼ kunlari Toshkent shahridagi Hazrati Imom majmuasi maydonida, ochiq osmon ostida anʼanaviy “Kitob – kamolot kaliti” xalqaro ilmiy‐maʼrifiy kitoblar koʻrgazmasi va savdosi oʻtkaziladi.

    Ikki kun davom etadigan tadbirda yurtimizdagi va xorijdagi 30 dan ortiq nashriyotlar, bosmaxonalar va kitob doʻkonlari shuningdek, turdosh tashkilotlar ilmiy, maʼrifiy va badiiy kitoblari bilan ishtirok etadilar.

    Ramazon munosabati bilan Hazrati Imom majmuasida oʻtkazilayotgan ushbu maʼrifiy tadbir doirasida kitoblar taqdimoti, taniqli shaxslar ishtirokida yoshlarni ilm-maʼrifatga daʼvat etuvchi suhbatlar, mashhur yozuvchi va adiblarning kitobxonlar bilan uchrashuvi, xattotlik boʻyicha mahorat darslari hamda tarixiy fotosurʼatlarga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtadi.

    Koʻrgazmaga tashrif buyurish orqali yurtimizda chop etilayotgan eng soʻnggi kitoblar bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlasiz.