Avvalo, Oʻzbekiston XDP fraksiyasi aʼzolari mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, tibbiy xizmatlarni xalqimizga yaqinlashtirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirib kelinayotganini qayd etishdi. Xususan, keyingi yillarda ehtiyojmand aholini zarur dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan taʼminlash, elektron retsept tizimini joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, dori vositalarining noqonuniy aylanishi va suiisteʼmol qilinishining oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shuning bilan birga, dori vositalarining reklamasi, ularning savdosi va qoʻllanilishi borasida qonunchiligimizda ayrim boʻshliqlar koʻzga tashlanayotgani, yechimini kutayotgan muammolar kuzatilayotgani qayd etildi. Jumladan, dori vositalari reklamasi turli koʻrinishlarda avj olayotgani, baʼzi shifokorlar tomonidan bemorlarga asosan qimmat dori vositalari tavsiya qilinayotgani, dori vositalari narxlari sunʼiy oshib ketayotgani, bunday salbiy holatlar barcha yurtdoshlarimizga ziyon yetkazayotgani, ayniqsa, kam daromadli oilalar qiyinchiliklarga duchor boʻlayotgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston XDP Saylovoldi dasturida dori vositalari muomalasi va farmatsevtika faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalasiga alohida eʼtibor berilgan. Partiya fraksiyasi sohaga doir qonunlar ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil oʻrganib bormoqda, saylovchilar bilan uchrashuvlarda ham qator murojaatlar tushmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dori vositalarining muomalasini tartibga solishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. OʻzXDP fraksiyasi ishchi guruhining yigʻilishida deputatlar va bir guruh mutaxassislar qonun loyihasida koʻzda tutilayotgan qator masalalar boʻyicha fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Qayd etilishicha, amaldagi qonunchiligimizda tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini realizatsiya qilish tartibini buzganlik, dori vositalarini shifokor retsepti boʻlmagan hollarda chakana realizatsiya qilish, tibbiyot amaliyotida foydalanishni taqiqlash hamda dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun yetarli darajada javobgarlik belgilanmagan. Dori vositalarining reklamasini tartibga solish boʻyicha taʼsirli choralar ham mavjud emas.
Shuningdek, tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar yoxud moddiy yoki nomoddiy koʻrinishdagi har qanday boshqa ragʻbatlar olish qonunchiligimizda taqiqlanmagan. Bu esa aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻnalishidagi ijobiy ishlar koʻlamiga salbiy taʼsir oʻtkazibgina qolmay, fuqarolarning haqli eʼtirozlariga ham sabab boʻlmoqda. OʻzXDP fraksiyasi ishchi guruhi bu boradagi qonunchilikka yangi javobgarlikni taklif etmoqchi.
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga dori vositalarining muomalasini tartibga solishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi hamda “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga dori vositalarining qoʻllanilishi chogʻida nojoʻya reaksiyalar aniqlangan holatlar toʻgʻrisida xabardor qilish tartibini buzganlik va dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmoqda.
“Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning 35-moddasi bilan tibbiyot xodimlari tomonidan muayyan dori vositalarini tayinlash va berish uchun farmatsevtika tashkilotlari va dorixonalardan moliyaviy mukofotlar yoxud moddiy yoki nomoddiy koʻrinishdagi har qanday boshqa ragʻbatlarni olishga chek qoʻyish koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, dori vositalarining reklamasini “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi hamda “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunlarning tegishli moddalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish orqali cheklash taklif qilinmoqda.
Fraksiya aʼzolari mazkur qonunchilik tashabbusi aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishini, dori vositalari insonning dardiga shifo boʻlishi kerakligi, ularning sogʻlikka xavf, gʻirrom daromad manbaiga aylanib qolishiga zinhor yoʻl qoʻyib boʻlmasligini taʼkidlashdi.
Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida xalqaro va xorijiy tajribani ham atroflicha tahliliy oʻrganish boʻyicha taklif-mulohazalar bildirildi, deb xabar beradi XDP matbuot xizmati.