Toshkent shahridagi Xalqaro media xollda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining Oʻzbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasida ishtirokiga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi masʼul xodimlari, partiya deputatlari va faollar, kuzatuvchilar, jamoat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Brifingda maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Oʻzbekiston tarixidagi barcha parlament va Prezidentlik saylovida ishtirok etgan yagona siyosiy partiyadir. Bu jarayonlar partiyaning siyosiy tajribasini oshirdi, mafkuraviy, tashkiliy va uslubiy jihatdan mustahkamladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish doirasida partiya Saylovoldi dasturini koʻrib chiqish boʻyicha ishchi ekspert guruh shakllantirildi va mazkur guruh tomonidan partiyaning Saylovoldi dasturi loyihasi ishlab chiqildi. Partiyaning saylovda faol ishtirok etishini taʼminlash maqsadida asosiy tadbirlar kalendar rejasi ishlab chiqildi. Shuningdek, mazkur jarayonning barcha bosqichlarini samarali tashkil etish hamda faoliyatni tizimli muvofiqlashtirib borish boʻyicha partiya markaziy saylov shtabi tashkil etilib, asosiy vazifalar belgilab olindi.

Saylov kampaniyasini oʻtkazishda yordam berish, joylarda targʻibot ishlarini olib borish boʻyicha nomzodning 15 nafar ishonchli vakili tanlab olindi va MSK tomonidan roʻyxatga olinib, guvohnomalar berildi. Saylovoldi tashviqotida mahalla, korxona va tashkilotlarda, ishlab chiqarish obyektlarida nomzod va uning ishonchli vakillari tomonidan saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Bunda nomzod viloyat markazlarida, ishonchli vakillar esa mahallalar kesimda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Bugungi kungacha nomzod va uning ishonchli vakillari, partiya faollari tomonidan joylarda 250 dan ortiq uchrashuvlar oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining axborot makonidagi oʻrnini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha 6 ta yoʻnalishdan iborat partiyaning media dasturi va PR-strategiyasi ishlab chiqildi. Partiyaning www.xdp.uz veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida fuqarolar bilan aloqa qilish tizimining zamon talabiga moslashtirish maqsadida bir qator interaktiv aloqa xizmatlari ochildi va sayt imkoniyatlari yanada kengaytirildi, partiyaning markaziy va hududiy kengashlari qoshida axborot maydoni boʻyicha ishlovchi guruhlar shakllantirildi.

Partiyaning Toshkent shahar Kengashi binosida eng zamonaviy axborot texnologiyalar va raqamli uskunalar bilan jihozlangan Multimedia markazi tashkil etildi.

Brifingda partiyaning Prezident saylovi kampaniyasida ishtiroki yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlar xususida atroflicha maʼlumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Bahor Xidirova, “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri