Ushbu tarixiy voqea mintaqada iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish va uch mamlakat oʻrtasidagi transport aloqasini yaxshilashga qaratilgan eng yirik infratuzilma loyihalaridan birini amalga oshirishda muhim bosqich boʻldi.
Marosimda Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston va Xitoy Xalq Respublikalari, xalqaro tashkilotlar va temir yoʻl maʼmuriyatlari vakillari ishtirok etdi.
Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov marosimni ochar ekan ushbu lahzaning Markaziy Osiyo kelajagi uchun tarixiy ahamiyatini taʼkidlab oʻtdi:
«Yangi temir yoʻl liniyasi Yevroosiyo qitʼa koʻpriklarining janubiy boʻgʻini boʻlib, Janubi-Sharqiy, Gʻarbiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga yoʻl ochadi. Ushbu yoʻnalish Xitoydan Qirgʻizistonga, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga, shu jumladan Turkiyaga va undan keyin Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni taʼminlaydi», — dedi Sadir Japarov.
Sadir Japarov, shuningdek, ushbu muhim loyihani amalga oshirishdagi hissasi va doimiy qoʻllab-quvvatlashi uchun Xitoy va Oʻzbekiston hukumatlariga minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev soʻzga chiqdi.
Shavkat Mirziyoyev oʻz murojaatida loyihaning muhim jihatlariga eʼtibor qaratdi:
«Ushbu yirik infratuzilma loyihasi yuqori ekologik meʼyorlarga rioya qilgan holda, ilgʻor muhandislik, innovatsion va raqamli yechimlar asosida keng hamkorlikni nazarda tutadi. “Qashqar — Torugʻart — Makmal — Jalolobod — Andijon” yoʻnalishi boʻylab 20 ta bekat, 42 ta koʻprik va 25 ta tunnel quriladi. Buning ustiga, zamonaviy tranzit-logistika infratuzilmasi, omborxona va terminallar barpo etiladi. Bizning yoʻnalishimizda yillik yuk tashish hajmi 15 million tonnagacha yetadi. Xitoydan Yevropa mamlakatlariga yuklarni yetkazib berish masofasi va muddatlari bir necha ming kilometrga va qariyb bir haftaga qisqaradi. Muntazam yoʻlovchi tashishni yoʻlga qoʻyish imkoniyati paydo boʻladi. Kelajakda ushbu temir yoʻl liniyasi va Transafgʻon yoʻlagining tutashtirilishi Xitoy, Markaziy va Janubiy Osiyoning transport-kommunikatsiya aloqadorligini samarali bogʻlash va mustahkamlash imkonini beradi.»
Prezident shuningdek, loyihaning barcha ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi va Oʻzbekistonning uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini taʼkidladi:
«Oʻzbekiston temir yoʻl qurilishining barcha bosqichlarida mavjud barcha texnik va intellektual resurslarni toʻliq ishga solgan holda faol ishtirok etish niyatida. Ishonchim komilki, birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan ushbu transport yoʻlagi mustahkam doʻstligimiz, sherikligimiz va taraqqiyotimizning yana bir ramziga aylanadi. Muhtaram hamkasblarimga Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblariga va Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Nurgojoyevich Japarovga loyihani ilgari surishdagi shaxsiy hissasi va faol saʼy-harakatlari uchun yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.»
Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan XXR Raisi Si Szinpin nomidan Xitoy Xalq Respublikasi Rivojlanish va islohotlar davlat qoʻmitasi raisi Chjen Shansze soʻzga chiqdi:
«Tranzit temir yoʻl qurilishi mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaning gullab-yashnashi va barqarorligiga koʻmaklashish maqsadida uch mamlakat hukumatlari tomonidan qabul qilingan strategik qarordir. Bu uch mamlakat xalqlarining strategik loyihani amalga oshirishga boʻlgan samimiy intilishlarini aks ettiradi. Bugungi qurilish marosimi loyihaning loyihalashtirish va rejalashtirish bosqichidan amalga oshirish bosqichiga oʻtishini anglatadi, bu qurilishni yakunlash va temir yoʻlni foydalanishga topshirish yoʻlidagi muhim qadamdir».
Temir yoʻl qurilishining 2030-yil oxirigacha yakunlanishi kutilmoqda, shundan soʻng u toʻliq quvvatda ishlay boshlaydi va Xitoy, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasida uzluksiz transport aloqasini taʼminlaydi.
“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” yangi temir yoʻl liniyasi qurilishi loyihasi boʻyicha maʼlumot:
2024-yil 6-iyun kuni Pekinda XXR Hukumati, Qirgʻiziston Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston Hukumati oʻrtasida “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻli loyihasini birgalikda ilgari surishda hamkorlik toʻgʻrisida Bitim imzolangan edi.
Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasi taraqqiyot va islohotlar davlat qoʻmitasi, Qirgʻiziston Respublikasi Transport va kommunikatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan imzolangan 2023-yil 18-maydagi loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishini qabul qilish toʻgʻrisidagi memorandumga muvofiq “Qashqar — Torugart — Makmal — Jalol-Obod — Andijon” yoʻnalishining kombinatsiyalangan shakli tasdiqlandi.
“Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻl loyihasining umumiy uzunligi — 532,53 km. 20 ta temir yoʻl stansiyasi (ikkita istiqbolli), shu jumladan 2 ta chegara stansiyasi, 1 ta qayta yuklash stansiyasi, 4 ta oraliq stansiya va 13 ta razyezd qurilishi rejalashtirilgan.Umumiy uzunligi 16,06 km boʻlgan 42 ta koʻprik, umumiy uzunligi 103,63 km boʻlgan 27 tunnel qurilishi koʻzda tutilgan boʻlib, koʻprik va tunnellarning umumiy uzunligi 119,69 km ni, ularning umumiy uzunlikka nisbati esa 39,3 foizni tashkil qiladi.