Xitoy beshta yangi sun'iy yo'ldoshni orbitaga olib chiqdi

    Xitoy chorshanba kuni Lijian-1 Y4 raketa-tashuvchisi yordamida koinotga beshta yangi masofaviy zondlash sun'iy yo'ldoshini uchirdi.

    Ular yer yuzasini va ob-havoni kuzatish uchun ishlatiladi. Bu haqda 25-sentabr, chorshanba kuni CGTN telekanali xabar berdi.

    Xitoyning shimoli-g'arbiy qismida Gobi cho'lidagi Szyutsyuan kosmodromidan havoga ko'tarilgan Lijian-1 Y4 tijoriy raketasi fazoviy uskunalarni koinotga olib chiqdi.

    Sun'iy yo'ldoshlar orasida Yunyao-1 turkumidagi, 21 va 22 raqamlariga ega ikkita qurilmasi, Jilin-1 SAR01A va yangi AIRSAT guruhining ikkita sun'iy yo'ldoshi bor. Ularning barchasi yer yuzasini o'rganish, meteorologik kuzatuvlar va sayyora yuzasini kuzatishning boshqa turlari uchun mo'ljallangan.

    Lijian-1 Y4 Xitoy Fanlar akademiyasi tijorat bo'limi CAS Space kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan birinchi engil to'rt bosqichli qattiq yoqilg'ili raketadir.

    Uning balandligi 30, diametri 2,65 metr, og'irligi 149 tonna bo'lib, quyi Yer orbitasiga 2000 kilogrammgacha foydali yukni ko'tarishga qodir.

    Ushbu raketaning birinchi parvozi 2022-yil 27-iyulda amalga oshirilgan, deb xabar beradi korrespondent.net.

    Eslatib o'tamiz, 24-sentabr kuni ertalab Xitoy Sariq dengizdagi platformadan Smart Dragon-3 raketa-tashuvchisi vositasida sakkizta sun'iy yo'ldoshni koinotga olib chiqdi.