Delegatsiyaning tashrifidan maqsad Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan koʻrgazmalarda ishtirok etish, shuningdek, tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan muzokaralar olib borishdan iborat.
Shuningdek, xorijiy tomon viloyatining rivojlangan sohalarini, jumladan, ishlab chiqarish (choy va qahva ishlab chiqarish yaxshi rivojlangan), qurilish materiallari, mashinasozlik, elektrotexnika va boshqalarni namoyish etdi.
SSP raisi oʻrinbosari M.Adilov toʻqimachilik sanoati sohasida hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ish haqining oʻsishi va ishlab chiqarish hajmining kengayishi sabab Xitoydan ishlab chiqarishni Oʻzbekistonning sanoat zonalariga koʻchirish istagini bildirdi. Shuningdek, M.Adilov Oʻzbekistonning investitsiyaviy salohiyati toʻgʻrisida aytib oʻtdi, bu esa oʻz navbatida, xorijiy tomonda katta qiziqish uygʻotdi.
Janob Yu Biyruy SSP vakillarini joriy yil 27-29-iyul kunlari Hunan viloyatida boʻlib oʻtadigan “Hunan International Exhibitions Center” koʻrgazmasiga taklif etdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish maqsadida tashkilotlar oʻrtasidagi kelgusi hamkorlikni muhokama qilishga kelishib oldilar. Shuningdek, ikki tashkilot oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqish masalalari ham muhokama etildi, deb xabar beradi Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati.