Mazkur raqamlardan ham ko'rishimiz mumkinki, Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda.
Internet tarmog'ida hamkorlik O'zbekistonni Xitoyga qaram qilib qo'yishi bilan bog'liq ba'zi fikrlar paydo bo'ldi. Ho'sh, aslidachi? Hamkorlik qaramlikmi? Keling shu to'g'risida biroz mulohaza yuritamiz.
Nima uchun aynan Xitoy?
Evropalik allomalardan birining “Nur – sharqdandir” degan gapi bor. Buni kimdir quyoshning sharqdan chiqishiga yo'ygan bo'lsa, yana kimdir “Ilm-ma'rifat ziyosi shu erdan taralgan” - deya talqin qiladi. Ikkala qarashda ham jon bor. O'tmishga nazar tashlasak ham, bugungi kun haqida fikr yuritsak ham sharqda har jihatdan yuqori potentsial mavjud. Va bugun Xitoyning jahondagi o'rnini e'tirof etish lozim. Mazkur davlat sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish, avtomobil eksporti bo'yicha hamda kemasozlik bozorida dunyoda birinchi o'rinni egallaydi. Xitoyning har tomonlama imkoniyatlari haqida ko'p va ho'p gapirish mumkin. U bilan hamkorlik qilayotgan O'zbekiston qanday manfaat topishi esa asosiy masala.
Xitoy investitsiyasidan nima naf?
Mamlakatimiz iqtisodiyoti so'ngi yillarda yuksak sur'atlarda, shu bilan birga barqarorlikni saqlagan holda o'sib boryapti. Iqtisodiyotda esa barqaror so'zi qadrlanadi. Bu oddiy qilib aytganda ishonchli va xavfsiz degan ma'noni anglatadi. Shu o'rinda tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlarni ham alohida e'tirof etish joiz. Shu va boshqa omillar sabab mamlakatimizga ishonch bilan investitsiya kiritayotganlar soni ortib bormoqda.
Statistika agentligining ma'lumotlariga ko'ra, 2023 yilning yanvar`-sentyabr oylarida O'zbekiston Respublikasida asosiy kapitalga o'zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 226,6 trln so'mni tashkil etgan. Bunda Xitoy eng yuqori ulushga ega bo'lgan investor mamlakat sifatida birinchi o'rinda turibdi. Davlatimiz raxbarining Xitoyga tashrifi yakunlariga ko'ra bu ko'rsatkich yana bir necha barobarga oshishi ko'zda tutilmoqda. Xush, shu bilan O'zbekiston Xitoyga qaram bo'lib qoladimi? Albatta, yo'q.
Investitsiya – iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida o'z mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoqlarga, misol uchun ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovatsiya, tadbirkorlik bo'yicha istiqboli bor loyihalarga uzoq yoki muddatli kapital kiritishdir. Ya'ni provardida foyda olish ko'zlanadi. Bu jarayonda investitsiya kirib kelayotgan davlat uchun qanday naf bor? Keling dastlab biroz shunga to'xtalamiz.
Birinchidan, investorlar soni va investitsiya miqdorining oshishi mamlakatimizga nisbatan ishonchning ortayotgaidan darak beradi. Va bu o'z navbatida, jonajon diyorimizning xalqaro maydonda tutgan o'rnini yuqori pog'onalarga ko'taradi.
Ikkinchidan, agar kirib kelayotgan mablag' to'g'ri yo'naltirilsa, nafaqat iqtisodiy foyda olish mumkin, balki, ko'plab yangi ish o'rinlari yaratilishi bilan birga, O'zbekistonda “Made in Uzbekistan” brenddagi mahsulotlarning turi va hajminining oshishiga olib keladi. Umuman shunga o'xshash boshqa ko'plab ijobiy jihatlar kuzatiladi. Bugun O'zbekiston ulkan qurilish maydoniga aylib ulgurdi. Ishlab chiqarish korxonalaring soni va eksport hajmi ham kundan-kunga ortib bormoqda. Va bu ishlarning aksariyati investitsiya tufayli desak mubolag'a bo'lmaydi.
O'zbekistonda Xitoy kapitali asosida tashkil etilgan korxonalar soni 2125 tani tashkil etadi. 2023 yilning o'zinda 601 ta korxona ishga tushirildi. 2017-2022 yillarda Xitoy investitsiyalarining hajmi 10,9 mlrd dollarni tashkil etgan. 2023 yilning 11 oyida O'zbekistonga 40 mingdan ortiq xitoylik sayyoh tashrif buyurgan. O'zbekiston eksportining 50 foizi 4 ta bozorga to'g'ri keladi. Ushbu to'rttalikning orasida Xitoy bozori 2-o'rinda. Demak ishlab chiqarish hajmi oshib borayotgan mamlakatimiz uchun Xitoy yaxshi bozor. Bu esa o'z o'rnida foydaning ko'payishiga sabab bo'ladi.
Tashrif natijasi nima beradi?
Davlatimiz rahbari 24 yanvar kuni Pekin shahrida XXR Raisi Si Szinpin bilan muzokara o'tkazdi. So'ng etakchilar Qo'shma bayonot qabul qildilar, ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to'plami imzolandi.
Tashrifning birinchi kunida ushbu mamlakat Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan va Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo'mitasi Raisi Chjao Letszi bilan ham uchrashuvlar bo'lib o'tdi. Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, CNPC va CITIC korporatsiyalari, Xitoy eksport-import banki rahbarlari bilan muzokaralar o'tkazildi.
Davlat tashrifining ikkinchi kuni Xitoyning innovatsiyalar poytaxti – Shen`chjen` shahrida ishbilarmonlik tadbirlari bayrog'i ostida o'tdi. O'zbekiston Prezidenti Guandun muzofoti partiya qo'mitasi kotibi Xuan Kun`min bilan hududlararo aloqalarni muhokama qildi.
Mamlakatimiz etakchisi Xitoy yirik biznesining 600 dan ziyod vakillarini yig'gan qo'shma Investitsiya forumida ishtirok etdi hamda Ipak yo'li fondi, “SANY” va “CSG” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi.
Global elektromobillar bozori peshqadami – “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurib, davlatimiz rahbari Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillarni birgalikda ishlab chiqarishga start berdi.
Aslida, har bir kelishuv, har bir imzolangan hujjatning salmog'i, foydali jihatlari to'g'risida ko'p gapirish mumkin. Keling, biz O'zbekistonda “BYD” elektromobillarini ishlab chiqarishga to'xtalamiz. Dastlabgi kelishuvlarga ko'ra 300 mingta elektromobil ishlab chiqarilishi kerak edi. Tashrif chog'ida bu raqam 500 mingtani tashkil tashkil qilishi bo'yicha kelishuvga erishildi. Bu O'zbekisnon va uning xalqiga nima beradi.
Elektormobillar sonining oshishi birinchi navbatda ekologiyaga ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Lekin, ularning narxi oddiy avtomobillarga nisbatan qimmatroqligi ma'lum. Shu sababli ham bunday mashinalarni hamma ham sotib olishni istamaydi. Istasa ham balki cho'ntagi ko'tarmaydi. Ma'lum bo'lgan yana bir haqiqat bor. Bozorda qaysi mahsulotning soni ko'paysa, uning narxi arzonlashadi. Albatta, bu jarayonda ishlab chiqarilayotgan elektromobillarning tan narxini pasaytirish ham ko'zda tutilgan.
Hulosa nima?
Yuqorida biz ba'zi ijobiy omillar haqida gapirib o'tdik. Bu dengizdan tomchi holos, desak mubolag'a bo'lmaydi. Shu jihatdan olib qaralganda O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi aloqalarni qaramlik deb emas, balki o'z nomi bilan istiqbolli hamkorlik deb atash mantiqan to'g'ri bo'ladi.