Konferensiyada Xitoyning Ninbo shahrining Syanshan tumani maʼmuriyati delegatsiyasi va Syanshan tumanidagi turli sohalardagi 10 ta Xitoy kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston tomonidan Xitoyning Syanshan tumani korxonalari bilan oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor 80 dan ortiq tadbirkorlik subyekti qatnashdi.
Tadbir davomida Xitoy tomoni Syanshan tumanining iqtisodiy salohiyati hamda Oʻzbekiston korxonalari bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi, shuningdek, oziq-ovqat, toʻqimachilik, elektrotexnika, plastik va kimyo sanoati korxonalari bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlariga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazdi.
Taʼkidlash joizki, Syanshan Xitoyning eng ilgʻor 100 tumanidan biri hisoblanadi. Tumanda mahsulotlarning keng assortimenti hamda qayta ishlash va ishlab chiqarish imkoniyatlariga ega boʻlgan koʻplab kuchli korxonalari mavjud.
Soʻnggi yillarda Xitoy Oʻzbekistonning yetakchi tashqi savdo sherigi boʻlib kelyapti. 2022 yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan yilga nisbatan 1,2 baravar koʻpayib, 8,9 milliard dollardan oshdi.
Tadbir oʻzaro tovar ayirboshlashni faollashtirish, Oʻzbekistondan Xitoyga mahsulot eksporti hajmini oshirish, shuningdek, ikki davlat oʻrtasidagi texnologik hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Ushbu tadbirda ishtirokchilar savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Xitoy kompaniyalari faoliyati bilan toʻliq tanishish, shuningdek, tomonlar oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash istiqbollarini muhokama etish imkoniga ega boʻldilar.
Tadbir yakunida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻrtasida “B2B” formatida muzokaralar boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Savdo sanoat palatasi matbuot xizmati.
Bu esa oʻz navbatida kichik va xususiy tadbirkorlik sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, kelgusida oʻzaro manfaatli savdo bitimlari va shartnomalarini tuzish uchun qoʻshimcha omil boʻlib xizmat qiladi.