Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi hamda viloyatlar axborot-kutubxona markazlarining 500 dan ortiq masʼul xodimi, OʻzFA Davlat va huquq instituti, Oʻzbekiston Notarial palatasi, ilmiy va akademik doiralar oflayn va onlayn tarzda ishtirok etdi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov mamlakatimizda 2026 – 2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasini tubdan oshirish maqsadida bir odam oʻqiydigan kitob sonini yiliga oʻrtacha 10 ta kitobga yetkazish vazifa etib belgilanganiga eʼtiborni qaratdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev eʼtirof etganidek, «Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda».
XXRning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin qalamiga mansub “Davlat boshqaruvi toʻgʻrisida”, “Inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash toʻgʻrisida”, “Qashshoqlikdan xalos boʻlish” nomli kitoblarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida muxtasar soʻz yuritdi. Xitoy Elchisi ushbu taqdimotni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaziga minnatdorchilik bildirdi.
Xitoy Elchixonasi tomonidan Inson huquqlari uyiga qariyb 800 ta adabiyot begʻaraz taqdim etildi.
Soʻzga chiqqanlar taqdim etilgan adabiyotlar Xitoyning inson huquqlarini himoya qilish masalalariga oid konseptual yondashuvlarini ochib beruvchi nufuzli manbalar sifatida katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar. Ushbu kitoblar orasida oʻzbek tilida ham nashr etilgan manbalarning koʻpligi Oʻzbekiston va Xitoy jamiyatlari oʻrtasida oʻzaro ilmiy maʼrifat almashish, davlatlararo muloqotni chuqurlashtirish va gumanitar hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi eʼtirof etildi.
Inson huquqlari va Xitoy madaniyatiga oid kitoblar nafaqat Inson huquqlari uyi fondi, balki mamlakatimizdagi yetakchi axborot-kutubxona markazlari fondini boyitishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida Xitoy Elchixonasi sovgʻa qilgan kitoblardan 350 tasi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi uchun ajratildi. Bu haqda Milliy kutubxona masʼullariga tegishli sertifikat topshirildi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati.