Unda genomik va biotexnologik tadqiqotlarni rivojlantirish uchun Oʻzbekistonga investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama etildi. Xususan, genetik pasport va irsiy kasalliklar tashuvchilari skriningini joriy etish texnologiyalarini transfer qilish boʻyicha kelishuvga erishilib, respublikada Milliy biobankni tashkil etish loyihasini amalga oshirish yoʻllari belgilab olindi.

Xitoy tomoni yangi tugʻilgan chaqaloqlarni 48 ta metabolik kasalliklar boʻyicha skriningdan oʻtkazish sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Genscreen” qoʻshma korxonasining pilot loyihasini yuqori baholadi va tomonlar respublika aholisi uchun genetik tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish yoʻllarini belgilab oldilar, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.

Osiyo va jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri — Beijing Genomics Institute 1999-yilda inson genomini oʻqishga qaratilgan faoliyatini boshladi. Kompaniya 23 yil davomida genomika, qishloq xoʻjaligi, erta skrining va davolash boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi tijorat va notijorat kompaniyalarni birlashtirgan yirik korporatsiyaga aylandi.