Uchrashuv avvalida Xitoy delegatsiyasiga mamlakatimiz charm sanoatining ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati haqida taqdimot oʻtkazildi. Xorijiy brendlarni jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi
Dongguan savdoni rivojlantirish uyushmasiga aʼzo 10 dan ortiq kompaniyalar “UzCharmExpo-Eurasia-2023” xalqaro koʻrgazmasi doirasida mahalliy tadbirkorlar bilan B2B muloqotlar oʻtkazadi. Unda mamlakatimizda sunniy charm ishlab chiqarishga qaratilgan sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish, attorlik buyumlarini “Autsorsing” asosida Oʻzbekistonda ishlab chiqarish, charmsanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda zarur boʻladigan kimyoviy moddalarni yetkazib berish borasidagi masalalar atroflicha koʻrib chiqiladi.
Uchrashuvda “Dongguan Shenfeng New Material” hamda “Guandong Shenfeng Eco Technology” kompaniyalari rahbarlari Oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan sunʼiy charm ishlab chiqarish boʻyicha investitsion loyihani amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Kompaniya rahbarlarining fikriga koʻra bugungi kunda Oʻzbekistonda bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga talab yuqori. Qulay logistika va atrofdagi yirik bozor esa mahsulotlar eksportini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Hamkorlikni kengaytirish borasidagi dastlabki kelishuvlarga “UzCharmExpo-Eurasia-2023” XV charm, poyabzal, attorlik, moʻyna, jun va mahalliylashtirilgan mahsulotlar xalqaro koʻrgazmasi doirasidagi muzokaralarda erishilishi belgilab olindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.