Xitoy iqtisodiy moʻjizasi

    Bu moʻjiza mamlakatni iqtisodiy jihatdan qudratli davlatga aylantirgan favqulodda hodisa boʻldi.

    MHTI mutaxassislari oʻsish omili sifatida vatandoshlarni jalb qilish boʻyicha Xitoy tajribasini oʻrganib chiqdi.

    Xitoy iqtisodiy moʻjizasi mamlakatni iqtisodiy jihatdan qudratli davlatga aylantirgan favqulodda hodisa boʻldi. Bunda asrlar davomida shakllangan va hozirda turli manbalarga koʻra, dunyoning 198 ta mamlakati va turli mintaqalaridagi 50 million nafardan 60 million nafargacha kishini tashkil etuvchi Xitoy diasporasi muhim rol oʻynadi va oʻynashda davom etmoqda.

    Agar iqtisodiy qudrat shakllana boshlagan 80 yillarda xitoylik muhojirlar mamlakatga sarmoya kirituvchi asosiy sarmoyadorlar vazifasini bajargan boʻlsa, hozir koʻp hollarda Janubi-sharqiy Osiyoda Xitoyning “Belbogʻ va yoʻl” tashabbusi targʻibotchilari boʻlmoqda.

    Hozirgi kunda ham Xitoyga kiritilayotgan xorijiy sarmoyada xitoylik muhojirlarning ulushi katta.

    Shu maqsadda soʻnggi yillarda Xitoy hukumati toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar uchun ochiq boʻlgan tarmoqlar sonini kengaytirish boʻyicha qator chora-tadbirlarni koʻrmoqda. Bular asosan ishlab chiqaradigan sanoat tarmoqlari, ayniqsa yuqori texnologiyali sohalardir.

    Hukumat xorijiy investitsiyalar boʻyicha koʻplab cheklovlarni olib tashladi va tajriba tariqasidagi erkin savdo zonalari mexanizmidan faol foydalanmoqda.

    Bundan tashqari, Xitoy butun dunyo boʻylab xorijdagi xitoyliklarning salohiyatini jalb qilish uchun keng tarmoqlangan va faol tizimga ega.

    Masalan, xorijda istiqomat qiluvchi xitoyliklar ishi boʻyicha departament xorijdagi xitoylik ishbilarmonlar va mahalliy korxonalar oʻzaro kelishib olishi, muzokaralar oʻtkazishi va hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi uchun platformalar yaratadi. Departament ushbu platformalar doirasida xitoylik muhojirlar sarmoyasini jalb qilishga qaratilgan koʻplab tadbirlarni oʻtkazadi. Ularning orasida xorijda Xitoy tadbirkorligini rivojlantirish yarmarkasi, xorijdagi Xitoy sanoat yarmarkasi, ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik yarmarkasi bor.

    Xorijdagi Xitoy tadbirkorlari assotsiatsiyasi, shuningdek, xorijda Xitoy tadbirkorligi yarmarkalarini tashkil etishga ham ixtisoslashgan. Maqsad – Xitoyni rivojlantirish uchun muhojirlarning imkoniyatlaridan foydalanish.

    Xitoy hukumati China International Import Expo, Service Trade Fair va Consumer Expo kabi yirik koʻrgazmalarni tashkil etadi. Bunday tadbirlar yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qilish uchun xalqaro platforma hisoblanadi. Xitoylik ishbilarmonlar va xorijdagi Xitoy kompaniyalari ham oʻz brendlarini targʻib qilgan va Xitoy bozoriga kirish yoʻllarini rivojlantirgan holda ushbu koʻrgazmalarda faol ishtirok etmoqda.

    Taʼkidlash joizki, Xitoyda chet elga oʻqish uchun ketayotgan xitoyliklar sonining har yili barqaror oʻsish tendensiyasi kuzatilmoqda. Boshqa tomondan, diplom va ilmiy daraja olib, Xitoyga qaytgan fuqarolar soni ham ortib bormoqda. 2021-yilda bir milliondan ortiq xitoylik bitiruvchilar oʻz vataniga qaytdi. Bu 2019-yildagiga (777 ming) nisbatan ancha koʻp.

    Oʻsayotgan iqtisodiyot, fan va texnika, iqtisodiyot, taʼlim va davlat boshqaruvi kabi sohalarda yangi ish oʻrinlarining tashkil etilishi bitiruvchilarda oʻz vataniga qaytish istagini kuchaytirmoqda.

    Oʻzbekiston vatandoshlarni jalb qilish boʻyicha Xitoy tajribasini sinchiklab oʻrganishi maqsadga muvofiq. Chunki xorijdagi oʻzbek diasporasining salohiyati ham yuqori.