Mazkur masala Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov hamda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yuy Szyun oʻrtasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, operatsiyalar xitoylik tajribali kardiojarrohlar ishtirokida, zamonaviy tibbiy texnologiyalar va ilgʻor usullar asosida amalga oshiriladi. Bunda nafaqat bolalarga amaliy yordam koʻrsatish, balki mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish, ilgʻor tajribani oʻzaro almashish ham koʻzda tutilgan.

Yuqori texnologik operatsiyalar Bolalar milliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Toshkent davlat tibbiyot universiteti bolalar koʻp tarmoqli klinikasida oʻtkazish rejalashtirilgan.

Mutasaddilarning qayd etishicha, ushbu loyiha doirasida tugʻma yurak nuqsoni bilan tugʻilgan bolalarning hayotini saqlab qolish, ularning sogʻlom hayotga qaytishiga koʻmaklashish hamda mamlakatimizda bolalar kardiojarrohligi sohasini yanada rivojlantirish maqsad qilingan.

Uchrashuv davomida, shuningdek, Xitoy tomonining grant mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan tibbiy loyihalarni jadallashtirish, tibbiyot muassasalarini modernizatsiya qilish va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash masalalari yuzasidan ham kelishuvga erishildi.