Prezidentning “Buxoro, Namangan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihalarni Xitoy Xalq Respublikasining Eksport-import banki ishtirokida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (29.11.2024-y.) qabul qilindi.
Sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminotini yaxshilash, suv resurslaridan tejamli foydalanish, qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishi uchun Buxoro, Namangan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi:
- “Buxoro, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish” loyihasining dastlabki qiymati 160 mln dollar;
- “Qashqadaryo viloyatida irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish” loyihasining dastlabki qiymati 60 mln dollar.
Loyihalarni amalga oshirish buyurtmachisi etib Suv xoʻjaligi vazirligining Suv xoʻjaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish markazi belgilandi. Loyihalarni moliyalashtirish manbai esa XXR Eksport-import bankining imtiyozli krediti hisoblanadi.
Bu loyihalarning bosh qurilishchi pudratchisi sifatida istisno tartibida Xitoy kompaniyalari “CITIC Construction Co.Ltd” va “China SAMS Engineering So, Ltd” belgilandi.
2025-yildan boshlab, XXR Eksport-import banki bilan qarz shartnomalari loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlanganidan soʻng, bajarilgan ishlar hajmiga qarab qismlarga boʻlib imzolanadi.
Shuningdek, “Qashqadaryo viloyatida irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida 2025-yilda 15 foizlik oldindan toʻlov uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning mahalliy byudjetlarida meliorativ obyektlarni taʼmirlash va tiklash uchun belgilangan mablagʻlardan 120 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.
Loyihaning texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlanganidan soʻng, qarz bitimi shartlaridan keyelib chiqib, 2025-yil uchun Davlat byudjeti parametrlariga oʻzgartishlar kiritiladi.