Xitoy kompaniyasi Farg‘onada umumiy qiymati 215 million dollar bo‘lgan uchta loyihani amalga oshiradi

    Mamlakatimizda 30 Iyul 2021 1426

    Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Iqboljon Ergashev viloyat hokimligida Xitoyning «West China Cement Ltd» kompaniyasi raisi Ji Min Zhangni qabul qildi.

    Uchrashuvda tomonlar Gonkongda ro‘yxatga olingan «West China Cement» xolding kompaniyasi tarkibidagi «West International Holdings Limited» kompaniyasining O‘zbekistondagi, xususan Farg‘ona viloyatidagi faoliyati, o‘zaro hamkorlik aloqalari haqida muloqot olib borishdi.

    Viloyat hokimi o‘rinbosari Iqboljon Ergashev Farg‘onada ham kun sayin rivojlanish davom etayotganini, ko‘plab bunyodkorlik ishlari, qurilishlar amalga oshirilayotganligini va sement mahsulotiga bo‘lgan ehtiyoj ortayotganligini aytib o‘tdi. O‘z navbatida mehmon Ji Min Zhang viloyatning investitsion salohiyatini, investorlarga ko‘rsatilayotgan e'tiborni, yaratilayotgan qulayliklarni yuqori baholadi.

    Shuningdek, «West International Holdings Limited» kompaniyasi faoliyatiga to‘xtalib o‘tdi. Hozirda kompaniyaning 7 ta sho‘ba korxonasi va 2 000 dan ortiq xodimlari mavjud. Kompaniya Xitoyning Gonkong hududida joylashgan bo‘lib, globallashuv tendensiyasiga moslashish, funksional boshqaruvni kuchaytirish, korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida Efiopiyaning Addis-Abeba shahrida Afrika mintaqasi uchun xalqaro biznes shtab-kvartirasini tashkil etgan. «West International Holdings Limited» Janubiy va G‘arbiy Afrikada katta obro‘ga ega.

    Kompaniya turli xildagi an'anaviy portlend sementini, neft qudug‘i sementini, kema qurish sementini, ekologik toza agregatlarni, yuqori sifatli betonni va boshqa yangi ekologik toza qurilish materiallarini tegishli akkreditatsiyalar bilan ishlab chiqaradi.

    Kompaniya Farg‘ona viloyatida umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan quruq klinker sement ishlab chiqarish liniyasini tashkil etish, umumiy qiymati 10 million dollar bo‘lgan qurilish uchun tayyor metal konstruksiyalar ishlab chiqaradigan zavod qurish, umumiy qiymati 5 million dollar bo‘lgan ekologik toza va tejamkor qoplar ishlab chiqarish loyihalarini ishga tushirish takliflarini ilgari suryapti.

    Ushbu loyihalar amalga oshsa zavod yillik qiymati 245 million dollar bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi va 1 000 ta ish o‘rni yaratish reja qilingan, deb xabar beradi Farg‘ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.