Xitoy kompaniyasi Toshkent – Samarqand yangi temir yoʻl liniyasini barpo etishga qiziqish bildirdi

    Xitoyning “Tianjin Rail Transit Group” kompaniyasi Toshkent – Samarqand yangi temir yoʻl liniyasini barpo etish loyihasida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

    Bu haqda Transport vazirligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriyev Xitoyning “Tianjin Rail Transit Group” kompaniyasi bosh direktori oʻrinbosari Yunkan Ma bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuvda tomonlar metropoliten va temir yoʻl transportini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama etishdi.

    Xususan, Xitoy tomoni mavjud metro liniyalarini rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish, shuningdek, Toshkent – Samarqand yangi temir yoʻl liniyasini barpo etish loyihasida ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Kompaniya mazkur loyihalarni batafsil oʻrganish asosida oʻz takliflarini taqdim etishga tayyorligini maʼlum qildi.

    Uchrashuv davomida Jasurbek Choriyev Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli va Transafgʻon koridorini qurish boʻyicha yirik loyihalar haqida axborot berdi. Mazkur loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish, ilgʻor texnologiyalar va innovatsion yechimlarni jalb etish borasida hamkorlikka qiziqish yuqori ekanligini bildirdi.