Uchrashuvda bank tekshiruvlarini tashkil etish va uning usullari, shuningdek, moliya institutlari faoliyatini tartibga solish muammolari kabi keng ko‘lamli masalalar muhokama etildi.
Delegatsiya a’zolariga bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va bank faoliyatini tartibga solish hamda nazorat qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi Markaziy bank departamentlari faoliyati to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi.
Tan Chunlin, Xitoy delegatsiyasi rahbari:
«Samimiy qabul uchun o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman va ayniqsa, yaqinda bo‘lib o‘tgan Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining sammiti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni, jumladan, bank-moliya sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga yana bir turtki bo‘lganligini alohida ta'kidlamoqchiman. Tashrifimizdan maqsad – bank nazorati sohasida tajriba almashish va hududlarda Xitoyning Eksim banki (CeXIM) tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar bilan tanishishdir».
Uchrashuv yakunida tomonlar bank nazoratini takomillashtirish yuzasidan hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.