Uchrashuvda Aziz Abduhakimov XXR Madaniyat va turizm vaziri X.Xepinning mamlakatimizga tashrifidan mamnun ekanligini taʼkidlab, bu nafaqat turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, balki UNWTO doirasida qoʻshma harakatlarni belgilab olishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Xitoy tomoni esa Oʻzbekistonning turizm sohasida strategik hamkori ekanligini alohida qayd etdi. X.Xepin oʻzaro turistik oqimni oshirish, mamlakatimizda turizm maskanlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, turizm infratuzilmasiga sarmoya kirituvchilar uchun berilayotgan imtiyozlar bilan yaqindan tanishtirildi. Xitoy tomoniga 2023-yil mart oyida mazkur davlatning turistik guruhlari tashrif buyurishi tavsiya etilgan mamlakatlar roʻyxatiga Oʻzbekiston kiritilganligi uchun alohida minnatdorlik bildirildi.

Qolaversa, hozirgi kunda Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasida haftasiga 11 ta aviaqatnov 3 ta aviakompaniya “Uzbekistan airways”, “China Southers Airlines” va “Loongair” tomonidan amalga oshirilayotgani hamda kelgusida ushbu qatnovlar sonini va geografiyasini kengaytirish boʻyicha fikr almashildi. Xitoy tomoni respublika hududiy aeroportlarini davlat xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish loyihalariga taklif etildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi delegatsiyasining Xitoyga tashrifini amalga oshirib, turizm sohasida Xitoy tajribasini oʻrgangan holda, 2030-yilga qadar turizmni rivojlantirish strategiyasi uchun asosli taklif va loyihalarni ishlab chiqishga kelishildi.

Oʻz navbatida Xu Xepin yuqori saviyada tashkil etilgan tashrif va Xitoy tomoniga koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga, Xitoy, Oʻzbekiston va UNWTO oʻrtasida uch tomonlama hamkorlikni kengaytirish muhimligini inobatga olib, Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan taklif va loyihalarni “Bir makon — bir yoʻl” loyihasi doirasida ham amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish maqsadga muvofiq ekanligini taʼkidladi. X.Xepin xitoylik turistlar orasida eng ommabop turizm yoʻnalishlari sifatida Oʻzbekistonda yashil va ekoturizm, intellektual turizm, madaniy turizm imkoniyatlarini kengroq targʻib etishni taklif etdi. Shuningdek, oʻzaro hamkorlikda xitoy sayyohlari uchun maxsus turistik mahsulotlar va yoʻnalishlarni ishlab chiqish, kadrlarni tayyorlash, gidlarni oʻqitish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanligini bildirdi.

UNWTO Bosh kotibi Z.Pololikashvili Bosh assambleya yubiley sessiyasining Samarqandda yuqori saviyada tashkil etilganligi uchun Oʻzbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Z.Pololikashvili Samarqand shahrida ochilgan UNWTO Xalqaro turizm akademiyasiga XXR oʻqituvchi va mutaxassislarini taklif etish uchun uch tomonlama hamkorlik tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, Samarqandda yangi tashkil etilgan UNWTO tematik ofisiga “Ipak yoʻlida turizm” boʻyicha Xitoydan yetakchi ekspertlarni jalb etgan holda yangi loyihalar ishlab chiqish, Oʻzbekiston shaharlarini “Ipak yoʻli” shaharlari xalqaro turizm alyansiga aʼzo qilishni taklif etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar 2024-yilda mazkur formatdagi uch tomonlama uchrashuvni Xitoyda ham tashkil etishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.