Xitoy va Moʻgʻulistonda 14-avgust kuni 3 tadan bubonli oʻlat kasalligi aniqlandi. Sanepidqoʻmita bu borada Oʻzbekistondagi vaziyat qandayligini maʼlum qildi.
Unga koʻra, 14-avgustda Xitoy va Moʻgʻulistonda 3 tadan bubonli oʻlat kasalligi aniqlandi. Oʻlat eng dahshatli kasalliklardan biri hisoblanib, butun insoniyat tarixida yuz bergan uchta oʻlat pandemiyasi yuzlab million odamlar hayotiga zomin boʻlgan. Oʻlat – tabiiy oʻchoqli zoonoz kasalliklar guruhiga mansub infeksiya boʻlib, oʻta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. Oʻlat odatda tabiiy oʻchoqdagi kasallik mikrobini yuqtirib olgan kemiruvchilar orasida tarqaladi.
Kasal kemiruvchidan kasallik mikrobi sogʻlom kemiruvchiga burgalar va kanalar chaqishi orqali yuqadi. Kasallikning yovvoyi hayvonlar orasida keng tarqalishi epizootiya jarayoni deb ataladi. Epizootiya kechayotgan hududlarda muntazam yashaydigan mahalliy aholi yoki mavsumiy ishlaydigan odamlarga kasallik burga va kanalar chaqishi orqali yuqadi. Bunda asosan oʻlatning bubonli shakli (bubon – oʻlat mikrobi zararlagan va shishgan limfa tuguni) kuzatiladi. Bubon shaklidagi oʻlat hozirda 95-98 foizni tashkil qiladi.
Taʼkidlanishicha, kasallik vaqtida aniqlanib, zamonaviy davolash choralari oʻz vaqtida oʻtkazilganda deyarli barcha hollarda kasallanganlar tuzalib ketadi. Agar oʻlat mikrobi havo orqali yuqsa, oʻpka shakli, ogʻizdan yuqsa, oshqozon-ichak shaklida kechadi. Shaklidan qatʼi nazar, kasallik vaqtida davolanmagan bemorlarda mikrobning qonda koʻpayishi orqali sepsis shaklida ogʻir kechib, oʻlimga sabab boʻladi.
Kasallik ogʻir intoksikatsiya sindromi, isitma, terining, limfa tugunlarining, oʻpkaning shikastlanishi, septik holat bilan tavsiflanadi.
Oʻzbekistonda mavjud tabiiy oʻchoqlarda epizootiyalarni vaqtida aniqlab, ularning epidemiyaga aylanib ketmasligining oldini olish bilan muntazam tizimli ravishda shugʻullanadigan oʻlatga qarshi tizim muassasalari mavjud boʻlib, ular oʻchoqlar faollashgan paytlarda kerakli profilaktik tadbirlarni olib boradi. Kasallik havo yoʻllari va quruqlikdagi yoʻllar orqali chet ellardan kirib kelishining oldini olish maqsadida 50 dan ortiq chegara kesib oʻtish joylarida kecha-yu kunduz faoliyatdagi sanitariya-karantin punktlari tashkil etilgan.
“Yuqoridagilarni hisobga olib, bizda hech qanday xavotirga oʻrin yoʻq”, — deyiladi xabarda.