Xitoy vaksinasi immunitet hosil qildi

    Salomatlik 24 Noyabr 2020 1127

    Xitoyning Sinovac Biotech biofarmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan COVID-19ga qarshi vaksina klinik sinovlarda inson salomatligi uchun xavfsizligi va tezkor immunitet reaksiyasini yaratish qobiliyatini namoyish etdi.

    Bu haqda The Lancet Infectious Diseases jurnali maʼlum qildi.

    Emlangan koʻngillilarda antitelalar darajasi COVID-19dan muvaffaqiyatli tuzalganlarnikiga qaraganda pastroq, ammo, bu biologik vositaning inson tanasini virusli infeksiyadan himoya qilish qobiliyatiga taʼsir qilmadi, deyiladi tadqiqotlar natijalarida.

    CoronaVac vaksinasi 18 yoshdan 59 yoshgacha boʻlgan 700 dan ortiq kishida oʻtkazilgan tadqiqotlarda ishlatilgan.

    “Ishtirokchilarga 14 kunlik oraliqda 2 doza vaksina berildi. Natijalar preparatning samaradorligini va pandemiya paytida favqulodda vaziyatda foydalanishga yaroqliligini koʻrsatadi”, dedi ilmiy maqola mualliflaridan biri Chju Fensay.

    Uning taʼkidlashicha, emlashdan keyin immunitetning qancha vaqt saqlanib qolinishini aniqlash uchun navbatdagi tadqiqotlar oʻtkazilishi kerak.