Tadbir joriy yilning yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarga muvofiq oʻtkazilyapti.


Marosimda Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyev, XXR Madaniyat va turizm vaziri oʻrinbosari Lu Yunchuang, BMT Turizm bosh kotibi Zurab Pololikashvili, «Trip.com», “Alibaba Fliggy”, “CCT”, “CYTS” kabi yirik turoperatorlar va korporatsiyalar rahbarlari, “CCTV”, “CGTN”, “China Global” yetakchi media xoldinglari vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
“Oʻzbekiston turizm yili”ning ochilishi doirasida turizmga investitsiyalar boʻyicha Oʻzbekiston-Xitoy forumi ham tashkil etildi, unda Xitoyning 200 dan ziyod sayyohlik biznesi vakillari istiqbolli infratuzilma loyihalari, xitoylik sayyohlar uchun yangi tur mahsulotlari va yoʻnalishlari bilan tanishishdi.


Oʻzbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Shanxay, Guanchjou va Sian shaharlarida “Oʻzbekistonga sayohat qil!” sayyohlik roud-shousida ishtirok etadi. Ikki mamlakat turoperatorlari oʻrtasida mamlakatimizga sayyohlar oqimini koʻpaytirish boʻyicha B2B uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, 1-dekabr kuni Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida 30 kungacha vizasiz rejim joriy etish toʻgʻrisidagi bitim imzolangan edi.
