Ispaniyaning Guallart Architects meʼmorlik byurosi tomonidan ishlab chiqilgan konsepsiyaga asosan bunyod etiladigan shahar yangi karantin joriy etilgan taqdirda oʻz energiyasi va oziq-ovqatlarini ishlab chiqara oladi. Syunan deb ataluvchi mazkur shaharni Pekindan 100 kilometr uzoqlikda Xebey provinsiyasida qurish moʻljallangan, deb xabar beradi Dezeen jurnali.
Loyiha meʼmorlar tomonidan pandemiya davrida ishlab chiqilgan. Ularning oʻzini-oʻzi yakkalash tajribasi loyiha asosini tashkil etadi. Shahar butunlay qayta ishlanuvchi energiya manbalariga tayanib yashaydi. Uylarning tomiga issiqxonalar qurilgan boʻlib, aholi mustaqil ravishda kerakli oziq-ovqatlarni yetishtiribgina qolmasdan, u yerga oʻrnatilgan batareyalar yordamida quyosh energiyasidan ham foydalanishi mumkin. Yomgʻir suvlarini yigʻib, qayta ishlab, ichimlik suviga aylantirish imkoniyati mavjud. Shahar ahli maxsus 3D –printerlari bilan jihozlangan ustaxonalarda chiqindilarni ikkilamchi qayta ishlashni amalga oshirishi mumkin.
Syunan shahar kvartallari Yevropa va Xitoy meʼmorchiligi anʼanalariga xos qurilgan uylar, shuningdek qishloq xoʻjaligiga xos manzaralar bilan ham bezatilishi koʻzda tutilgan. Shaharda bunday kvartallardan toʻrtta boʻlib, ularning har birida yashash uylari, ofislar, doʻkon va oziq-ovqat bozorlari, bolalar bogʻchalari, basseynlar va yongʻinga qarshi qismlar boʻladi.
Barcha xonadonlar janubga xos ayvonli boʻlib, oʻzini oʻzi yakkalash davrida dam oladigan joy vazifasini oʻtaydi. Aholi masofadan ishlashni taʼminlash maqsadida 5G tarmogʻiga ulana oladi. Ular ixtiyorida dorivor oʻsimliklar va mevalar oʻsadigan bogʻlar boʻladi. Bioxilma-xillikni taʼminlash uchun shaharda koʻplab gullar ekiladi, shuningdek har bir xonadonning oʻzining qush uyasi va qaldirgʻoch in quradigan joylar ajratilgan boʻladi.