Xitoyda Toshkent viloyatining vakolatxonasi tashkil etiladi

    Xalqaro hamkorlik 23 May 2023 1093

    Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turgan Toshkent viloyati delegatsiyasi safar chogʻida dastlab Urumchi shahridagi “Yuqori texnologiyalar zonasi”ga tashrif buyurdi.

    U yerdagi tibbiyot majmuasini raqamlashtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishish asnosida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev yangi ish uslublarini yuqori baholadi.

    Kunning ikkinchi yarmida viloyat delegatsiyasi mazkur hududning partiya kotibi Ma Sinrui bilan uchrashdi. Oʻz navbatida, partiya kotibi mehmonlarni “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitining muvaffaqiyatli oʻtgani bilan tabrikladi.

    Viloyat yetakchisi Xitoy bilan samarali hamkorlikning eng muhim qirralariga toʻxtalar ekan, qurilish, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, yengil sanoat, charm mahsulotlarini ishlab chiqarish, shuningdek, ishlab chiqarishga raqamli texnologiyalar, muqobil energiya manbalarini joriy etish, quyosh panellarini oʻrnatish, turizm, fan va madaniyat kabi sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash taklifini ilgari surdi.

    Toshkent viloyatida qoʻshma texnopark tashkil etish va yuqori texnologiyali loyihalarni joylashtirish, ularni boshqarishda xitoylik mutaxassislarni jalb etishga kelishib olindi.

    Shuningdek, Toshkent viloyatining togʻli yerlarida lavanda yetishtirish borasida soʻz borar ekan, viloyat rahbari tajriba uchun yer ajratishga tayyorligini maʼlum qildi.

    Toʻqimachilik sanoati sohasida, yaʼni, sunʼiy va aralash tolalarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, viloyatda mis, kaolin, kvars qumi, ohak va boshqa xomashyolardan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.

    Ma Sinruining qurilish materiallari, xususan, santexnika buyumlari, chinni ishlab chiqaruvchi tadbirkorlardan iborat yirik delegatsiyani shakllantirib, Toshkent viloyatida biznes-forum tashkil etish taklifi Zoyir Mirzayev tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

    Bundan tashqari, Guanjun provinsiyasidagi kambagʻallikni qisqartirish tajribalarini Toshkent viloyatida qoʻllash boʻyicha bir qator masalalar kelishib olindi. Yetuk mutaxassislarni viloyat hokimiga maslahatchi sifatida jarayonlarga jalb etish, istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tegishli “Yoʻl xarita”lari ishlab chiqish shular jumlasidandir.

    Tashrifning 3-kunida delegatsiya Xitoyning 60 dan ortiq yirik korporatsiyalarini birlashtirgan “Bir belbogʻ, bir yoʻl” uyushmasi rahbari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Turizm va yashil energetika sohasida faoliyat olib borayotgan mazkur assotsiatsiya bilan kelgusida “Bir belbogʻ, bir yoʻl” tadbirini oʻtkazish uchun obyektning alohida qurilayotgan “Oʻzbekiston” binosiga arxitektor va geolog ajratish boʻyicha kelishib olindi.

    Shundan soʻng, ikki tomon ishbilarmonlari oʻrtasida “Toshkent viloyati – kelajak sari yuksalish – imkoniyatlar, sharoit va vakolat” mavzusida biznes-forum boʻlib oʻtdi.

    Unda XXR hukumati, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, Oʻzbekistonning 50 dan ortiq yetakchi kompaniya va korporatsiyalari vakillari ishtirok etdi. Bu muloqotlar, shubhasiz, hududlararo oʻzaro aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Tomonlar Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni (SHUAR) da Toshkent viloyatining oʻz vakolatxonasini ochish tashabbusini ilgari surdilar va Toshkent viloyatidan tadbirkor Zafarxoʻja Usmonovni vakolatxona rahbari etib tayinlash taklif etildi.