Xitoydagi buxorolik vatandoshimizning izdoshlari Toshkentda koʻrgazma ochishdi

    Bilasizmi? 2 Fevral 2023 2800

    Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, XIV asrda xitoylik sayohatchi, dengiz qoʻmondoni, diplomat Chjen Xe (1371-1433)ning bobolari asli buxorolik boʻlgan.

    Ular savdo-sotiq bilan shugʻullanib, Xitoyning Shinjon-Uygʻur avtonom rayoniga koʻchib borib qolishgan.

    Chjen Xe ulkan floti bilan yetti marta Osiyo va Afrikaning 50 dan ortiq davlatlariga borib, olis mamlakatlar bilan savdo va diplomatik aloqalar oʻrnatgan. Kemalarda ipak, qogʻoz va chinni buyumlar bilan birga qimmatbaho xitoy choyi ham tashigan.

    Yaqinda Xitoy davlatining Shansi provinsiyasidan boʻlgan Chjan Xonpin xonim boshchiligidagi tadbirkorlar oʻtmishdagi hamyurtlarining ishini davom ettirib, Toshkentda “Buyuk choy yoʻli: Siyandan Samarqandgacha” nomli doimiy faoliyat olib boradigan koʻrgazma tashkil qilishdi.

    Koʻrgazma zalida boʻlgan kishi beixtiyor Xitoyning oʻtmishini eslaydi. Imperator armiyasining jangchilari haykalchalari, “Buyuk choy yoʻli” xaritasi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida Oʻzbekiston-Xitoy davlatlarining savdo-iqtisodiy aloqalari aks etgan pannolar, vatandoshimiz Chjen Xe surati eʼtiborni tortadi.

    Shuningdek, zalda qora, koʻk, sariq, qizil va oltin choylarni ichish uchun moʻljallangan idishlar va qadimiy anjomlarda choylarni tatib koʻrish mumkin.

    Qadim Xitoydagi boylar, saroyga yaqin odamlar, knyazlar va imperator oʻtiradigan stollarda choy ichish marosimlari uyushtiriladi.

    Koʻrgazmada Shansi provinsiyasi va Xitoyning boshqa hududlaridan keltirilgan noyob yuzlab choy navlarini tatib koʻrish hamda bu jarayonlar bilan tanishish mumkin.

    Hosil Karimov,

    jurnalist