“Suifenhe Huilong Economic & Trade Co. Ltd” chet eldan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish va yetkazib berish bilan shugʻullanadigan Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biri boʻlib, 300dan ortiq rasmiy distribyutorlariga ega.

“Crafers” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan Xitoyning “Suifenhe Huilong Economic & Trade Co. Ltd” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan shartnomaga binoan, umumiy ogʻirligi qariyb 65 tonna boʻlgan qandolat mahsulotlarining birinchi joʻnatmasini Oʻzbekistondan Xitoyga sentyabr oyi oxirida joʻnatish rejalashtirilgan.

Import qilinadigan mahsulotlar Xitoyning turli shaharlari va viloyatlariga tarqatiladi, shu jumladan “Tmall”, “Taobao”, “Ding Dong” kabi Xitoyning yirik va mashhur onlayn-chakana savdo doʻkonlari saytlarida ham targʻib qilinadi.

Shuningdek, “Suifenhe Huilong Economic & Trade Co. Ltd” kompaniyasi oʻz savdo tarmogʻi orqali “Crafers” mahsulotlarini Xitoy bozorlarida targʻib qilish strategiyasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.

Qayd etish joiz, “Crafers” jamiyati birinchi marta oʻz mahsulotlarini Xitoyga yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzoladi.

Hozirgi kunda Bosh konsulxona tomonidan mamlakatimizning boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ham Xitoyga yetkazib berishni tashkil qilish masalalari ishlab chiqilyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.