Xitoylik investorlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Investitsiyalar 3 Iyun 2022 1639

    Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy ishbilarmon va investitsiyaviy doiralari vakillari bilan uchrashuv tashkil qildi.

    Tadbirda taʼkidlanganidek, tadbirkorlar davlat tomonidan doimiy qoʻllab-quvvatlanayotgani, ular bilan muntazam muloqotda boʻlinayotgani hamda ishbilarmonlar duch kelayotgan masalalarni zudlik bilan hal etishga intilish borligi tufayli investorlarning ishonchi tobora ortib, investitsiyaviy muhit yaxshilanayotgani maʼlum qilindi. Jumladan, soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalar soni sezilarli darajada oshdi. Xususan, agar 2017-yilda 870 ta shunday korxona mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 2 mingga yaqinlashdi. Xitoy biznesining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 9 milliard dollarga yetdi.

    Muloqot norasmiy tarzda kechdi. Bundan maqsad ishbilarmonlarda yuzaga kelayotgan muammolarni ishonchli muhitda muhokama qilish va ularni joyida hal etishning maqbul mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, bildirilgan takliflar asosida Xitoy kapitalining Oʻzbekiston bozoridagi mavqeini mustahkamlashning istiqbolli yoʻnalishlarini koʻrib chiqishdir.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan 20 dan ortiq Xitoy kompaniyalari vakillari qatnashdi. Ular orasida ZTE Corporation, Asia Trans Gas, China Construction, Shanghai Construction kabi yirik kompaniyalar bor. Tadbirkorlar oʻz faoliyati haqida qisqacha maʼlumot berib, joriy etilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar, yaqin istiqboldagi rejalar, shuningdek, amalda duch kelinayotgan muammolar haqida soʻzlab berdi. Investorlarni asosan soliqqa tortish, bojxona tartib-taomillari va infratuzilmaviy kommunikatsiyalarga ulanish masalalari qiziqtirdi. Yigʻilish davomida investorlar tomonidan koʻtarilgan har bir masala yuzasidan yechimlar topilib, ijrosiga masʼul idoralar belgilandi.

    Uchrashuv yakunida tashkil qilingan muloqot formatining samaradorligi qayd etildi va bunday uchrashuvlarni muntazam ravishda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.