Xitoylik investorlar Fargʻonada besh yulduzli mehmonxona qurishni rejalashtirmoqda

    Investorlar 14 qavatdan kam boʻlmagan 200 oʻrinli, besh yulduzli mehmonxona hamda zamonaviy savdo markazi qurishga tayyorliklarini maʼlum qildi.

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoy Xalq Respublikasining “Shuncheng Investment Group” kompaniyasi rahbari Xung Chi Yim boshchiligidagi bir guruh xitoylik sarmoyadorlarni qabul qildi. Qabul uchun minnatdorlik bildirgan investorlar Fargʻonada mehmonxona qurish istaklari borligini maʼlum qildi.

    Viloyat rahbari Fargʻona turistlar tashrifi boʻyicha Respublikada ikkinchi oʻrinda ekanligini taʼkidlab, mehmonlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Fargʻona shahridagi Saylgoh va Al-Fargʻoniy koʻchalari tutashgan hududda, avvalgi Amfiteatr oʻrnida oʻz brendiga ega besh yulduzli mehmonxona qurish loyihasi amalga oshirilayotgani haqida toʻxtalib oʻtdi.

    Xitoylik investor Xung Chi Yim shahar markazida va har tomonlama qulay manzilda joylashgan mazkur loyihaga katta qiziqish bildirdi. Bu yerda loyiha qiymati 10 million dollar boʻlgan 14 qavatdan kam boʻlmagan 200 oʻrinli, besh yulduzli mehmonxona hamda zamonaviy savdo markazi qurishga tayyor ekanliklarini maʼlum qildi.

    Belgilangan tartibda konsepsiya ishlab chiqilib, jarayonlarni tezroq amalga oshirish kerakligini qayd etgan viloyat hokimi, investorlarni Fargʻonada 300 gektar hududda barpo etilayotgan yangi Ekoshahar loyihasida ham ishtirok etishga taklif etdi. Kelgusida ushbu yoʻnalishda ham hamkorlik qilishga kelishib olindi.