баннер
21 Mar 2025
23:55

    Xitoylik investorlar Oʻzbekistonga tahdid solmaydi — Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Oʻzbekiston yerlari Xitoy kompaniyalari tomonidan «egallab olingani« haqidagi xabarlarga Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Ilzat Qosimov izoh berdi.

    “Xitoy Oʻzbekiston iqtisodiyotiga eng yirik investitsiyalarni kiritayotgan mamlakatlardan biridir. Biroq axborot maydonida vaqti-vaqti bilan xitoy kompaniyalari goʻyo Oʻzbekiston yerlarini «egallab olayotgani” haqida asossiz daʼvolar tarqalmoqda«, — deb yozadi oʻzining feysbukdagi sahifasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Ilzat Qosimov.

    U vaziyat yuzasidan toʻgʻri xulosa chiqarish uchun faktlar va real maʼlumotlarni taqdim qilgan.

    𝟭. Oʻzbekistonning investitsiya siyosati.

    Barcha investorlar, kelib chiqqan mamlakatidan qatʼiy nazar, Oʻzbekistonda teng sharoitlarda va qonun talablariga muvofiq faoliyat yuritadi. Ularning faoliyati davlat organlari va jamoat institutlari tomonidan tartibga solinadi, bu esa investitsiya jarayonining shaffofligini taʼminlaydi.

    Xitoydan tashqari, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga Saudiya Arabistoni, BAA, Turkiya, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa koʻplab mamlakatlar sarmoya kiritmoqda. Mamlakatimiz kam sonli hamkorlar bilan cheklanib qolmasdan, investitsiyalarni turli manbalardan jalb qilmoqda.

    𝟮. Xitoy investitsiyalarining asosiy yoʻnalishlari.

    Oxirgi uch yilda Xitoy investitsiyalari quyidagicha taqsimlangan:

    • 62% – sanoatga;
    • 11% – yoqilgʻi-energetika sektoriga;
    • 4% – qishloq xoʻjaligiga;
    • Qolgan qismi – boshqa sohalarga.

    Koʻrinib turibdiki, investitsiyalarning eng katta qismi sanoatga yoʻnaltirilgan, qishloq xoʻjaligi yoki yer resurslariga emas.

    𝟯. Tekstil sanoati – muvaffaqiyatli investitsiyalarning namunasi hisoblanadi.

    Xitoy investitsiyalari faol jalb qilinayotgan asosiy sohalardan biri bu tekstil sanoati. Bugungi kunda Oʻzbekistonda 7600 dan ortiq tekstil korxonasi mavjud boʻlib, ular yiliga 123,2 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqaradi. Ulardan atigi 57 tasi xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan, yaʼni xitoy kompaniyalari ulushi sezilarli emas.

    Xitoy ishtirokidagi muvaffaqiyatli tekstil loyihalari misollari qoʻyidagicha:

    • Jinsheng Group – $115 mln sarmoya kiritib, LT Textile International klasterini tashkil qildi, 700 ish oʻrni yaratildi;
    • Mulanhua Group – $33,2 mln investitsiya bilan Nanyang M&F va Bobur M&F M&F va Bobur M&F korxonalarini tashkil qildi, 450 ish oʻrni yaratildi;
    • Chang Liang Textiles – $5,5 mln investitsiyalar, 120 ish oʻrni;
    • Hebei Evershine Textile – $3,7 mln investitsiyalar, 100 ish oʻrni.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston tekstil mahsulotlari Xitoyga quyidagi uchta savdo uyi orqali eksport qilinadi:

    • Nanyang Red Cotton Angel Textile FE,
    • Posso International Textile FE,
    • Vodiy Toshloq Textile.

    Bu Oʻzbekiston Xitoydan investitsiyalarni jalb qilish bilan birga, eksport salohiyatini ham kengaytirayotganini koʻrsatadi.

    𝟰. Qishloq xoʻjaligida ham yerga emas, texnologiyalarga investitsiyalarga urgʻu beriladi.

    Koʻp tarqalgan notoʻgʻri fikrlarga qaramay, xitoy investitsiyalarining atigi 4 foizi qishloq xoʻjaligiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekistonda chet el investorlariga yer sotilishi taqiqlangan – uni faqat 25-yilga ijaraga olish mumkin va bu faqat ochiq auksion orqali amalga oshiriladi.

    Misol: Lihua Group Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida paxta yetishtirish va urugʻchilik boʻyicha loyihani amalga oshirmoqda. Kompaniyaga unumdorligini zamonaviy agrotexnologiyalar yordamida oshirish sharti bilan sugʻorilmaydigan va hosildorligi past boʻlgan yerlar berilgan.

    𝟱. Ilgʻor texnologiyalar va innovatsiyalar kiritilmoqda.

    Xitoy investitsiyalari Oʻzbekistonning texnologik rivojlanishiga ham xizmat qilmoqda. Misol uchun Jizzax viloyatidagi BYD avtomobil zavodini keltirish mumkin. Bu yerda 1500 ish oʻrni yaratilgan, ularning aksariyatini oʻzbek mutaxassislari egallagan. 2024-yilda 200 nafar oʻzbekistonlik mutaxassis Xitoyda BYD zavodlarida malaka oshirdi.

    𝟲. Energetika sohasida muqobil manbalarga investitsiyalar kiritilmoqda.

    Oʻzbekiston qayta tiklanuvchi energetikani faol rivojlantirmoqda. 2,7 GVt quyosh elektr stansiyalari,752 MVt shamol elektr stansiyalari,169 MVt mikro GESlar,1,4 GVt energiya saqlash quvvatlari ishga tushirilmoqda.

    Xitoy quyosh va shamol elektr uskunalari ishlab chiqarishda dunyo yetakchisi hisoblanadi. Oʻzbekistonda $9 mlrd qiymatidagi 20 dan ortiq energetika loyihalari xitoy kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilmoqda va ularda asosan mahalliy mutaxassislar ishlamoqda.

    𝟳. Yuqoridagi faktlar asosida quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:

    • Xitoy sarmoyalarining asosiy qismi sanoat, texnologiya va energetikaga yoʻnaltirilgan;
    • Chet ellik investorlar Oʻzbekistonda yer sotib ololmaydi;
    • Loyihalarda ish oʻrinlarining aksariyatini oʻzbekistonliklar egallaydi.
    • Hamkorlik faqat sarmoyalarni jalb qilish emas, balki yangi texnologiyalar va ish oʻrinlari yaratishga ham xizmat qiladi.
    «Biz keng jamoatchilikni faqat ishonchli faktlarga tayanishga chaqiramiz! Barcha sarmoya loyihalari Oʻzbekiston manfaatlariga mos ravishda va milliy qonunchilik doirasida amalga oshirilmoqda«, dey yozadi vazir oʻrinbosari.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech