Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida shu yil o'tkazilgan “Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasida birinchi o'rin sohibi, Xitoyning “Jen`min xuabao” nashriyoti muharriri San Xaoyangga tanlov statuetkasi, diplomi hamda pul mukofoti tantanali ravishda topshirildi.
Marosimda so'z olgan O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov bu yilgi tanlov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffof tashkil etilgani, tanlovda 25 davlatdan 50 nafardan ziyod xorijlik jurnalistlar qatnashganini alohida ta'kidladi. SHuningdek, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida ma'lumot berildi.
Tadbirda ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o'rtasida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashishni ta'minlash kabi masalalar xususida so'z yuritildi.
–Keyingi yillarda O'zbekistonda jadal olib borilayotgan islohotlar bilan tanishish barobarida ularni Xitoy ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga hissa qo'shib kelmoqdaman,– dedi San Xaoyang. – Har qanday inson yutuqqa erishsa quvonganidek, nufuzi yuqori “Oltin qalam” xalqaro tanlovida g'olib bo'lganimdan juda xursand bo'ldim. O'z oldimga bundan keyin ham mamlakatingiz haqida turli mavzularda materiallar tayyorlashni maqsad qilib qo'yganman.
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi axborot xizmati