Unda aytib oʻtilganidek, oʻtgan yili aprel oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davomida qator sohalar qatorida sogʻliqni saqlash tizimini yana-da rivojlantirish boʻyicha qator kelishuvlarga ham erishilgan edi. Ushbu saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, hozirgi pandemiya bilan bogʻliq boʻlgan vaziyatda ikki davlat oʻrtasida ushbu yoʻnalishda samarali hamkorlik yana-da rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Muloqotda xitoylik mutaxassislarning yurtimiz tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda “COVID-19” pandemiyasi keng tarqalishining oldini olish, uni nazorat qilish va davolash borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlari eʼtirof etildi. Shuning barobarida xitoylik mutaxassislar yurtimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda yaxshi natijalarga erishilayotganligi, shuningdek, xalq tabobati borasida yaxshi anʼanalar shakllangani, ayniqsa, buyuk tabib Abu Ali ibn Sino ilmiy merosi, asarlari Xitoyda ham qoʻllanma sifatida keng foydalanilishini eʼtirof etishdi.

Eʼtiborli jihati, uchrashuv doirasida Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda “Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd.” farmatsevtika kompaniyasi oʻrtasida xalq tabobatini rivojlantirish, bu borada ilmiy izlanishlar olib borish hamda oʻzaro hamkorlikni yana-da kengaytirish boʻyicha shartnoma ham imzolandi. Unda mamlakatimizda xalq tabobatini rivojlantirish borasida qator vazifalar belgilandi.

Jumladan, oʻzbek va xitoy xalq tabobatini oʻzaro uygʻunlashtirib, sohada samarali qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ham tashxis qoʻyishda, ham davolashda unumli foydalanish, shuningdek, yurtimizda yaqin oylarda Xitoy xalq tabobati markazini ochish, mutaxassislarimizni koronavirusga qarshi kurashda Xitoy tajribasi boʻyicha oʻqitish, malakasini oshirish kabi yoʻnalishlar mazkur shartnomada oʻz aksini topgan.

Uchrashuv soʻnggida xitoylik mutaxassislar tomonidan “COVID-19”ga qarshi Xitoyda muvaffaqiyatli qoʻllanilgan anʼanaviy xitoy tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarining dastlabki qismi taqdim etildi.