Onlayn-muloqotda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Xitoydagi vakolatxonasi mutaxassislari, shuningdek, 15 dan ortiq mahalliy korxona hamda Xitoyning “Bei Falai Group” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi xodimlari xitoylik investorni mamlakatimizda charm-poyabzal sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, sarmoyadorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar va taqdim etilayotgan preferensiyalar, soha salohiyati, xomashyo zaxirasi bilan batafsil tanishtirdi.
Xitoy kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda sport poyabzallarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish maqsadlarini bildirdi. Investor Oʻzbekistonda biznes muhiti uchun qulay sharoit yaratilganini, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash sabab, bugun Xitoy kompaniyalari Oʻzbekistonga oʻz sarmoyalarini kiritishga jiddiy qiziqish bildirayotganini taʼkidladi.
Onlayn-muloqot chogʻida charm-poyabzal tarmogʻida samarali faoliyat olib borayotgan mahalliy korxonalar ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha xitoylik investorga oʻz takliflarini bildirdi. Qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha qator investitsiya loyihalari taqdim etildi.
Uchrashuvda natijasida Xitoy kompaniyasiga mahalliy korxonalar tomonidan bildirilgan takliflarni oʻrganish va hamkorlikning kelgusi istiqbollarini belgilab olish maqsadida ushbu formatdagi muloqotlarning navbatdagi raundini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.