Xitoylik mutaxassislarining fikriga koʻra, anʼanaviy xitoy tabobati Gʻarb tibbiyoti bilan birgalikda “COVID-19”ni oldini olish, uni davolash va reabilitatsiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Buni mamlakatning bir qator viloyatlarida, birinchi navbatda, yangi koronavirus tarqalishining markaziga aylangan Xubeyda oʻtkazilgan klinik kuzatishlar ham tasdiqlamoqda.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Xubey provinsiyasida koronavirusga chalingan bemorlarning 91,6 foizi va mamlakat boʻylab esa ularning 92,4 foizini sogʻayishida aynan anʼanaviy xitoy tabobati ham alohida ahamiyat kasb etgan.

– Eng qizigʻi, koronavirusga qarshi kurashish uchun Uxan shahriga 42 ming nafar xitoy xalq tabobati vakillari safarbar qilingan boʻlsa, ularning birontasi ham infeksiyani yuqtirib olmadi, – deydi Xitoy “Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd.” farmatsevtika kompaniyasi prezidenti Syuejun Lin. – Buning sababi, birinchidan, himoya vositalaridan toʻgʻri foydalanishganida boʻlsa, ikkinchidan, xalq tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarini qabul qilganlaridadir. Oʻzbekistonda “COVID-19” bilan oldingi saflarda kurashayotgan tibbiyot xodimlari uchun ham ushbu dori vositalarini yetkazib beramiz.

Oʻz oʻrnida Syuejun Lin Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov bilan muloqot davomida 4 yoʻnalishda anʼanaviy xitoy tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarini qoʻllagan holda koronavirus infeksiyasi bilan kurashishni taklif qildi. Birinchisi – kasallikni profilaktikasida, ikkinchisi – koronavirusni yengil shaklda boshdan oʻtkazayotgan bemorlarni davolashda, uchinchisi – yengil shakldagi bemorlarning holati ogʻir va oʻrta ogʻirga oʻtib ketmasligi uchun parvarish qilishda va oxirgisi – “COVID-19”dan sogʻayganlarni reabilitatsiya qilishda.

Eslatib oʻtamiz, mamlakatimizda “COVID-19” infeksiyasiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, bu boradagi jahon tajribasini amaliyotga tatbiq qilish maqsadida yurtboshimiz topshirigʻi bilan shu kunga qadar Xitoy, Rossiya, AQSH, Germaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari Oʻzbekistonga tashrif buyurishgandi.