Xitoyning Eksim banki O‘zbekistonda yangi sanoat loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi

    Moliya 22 Noyabr 2024 298

    Joriy yil 21-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Xitoy Xalq Respublikasi Eksport-import banki vitse-prezidenti Yang Dongning boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

    Suhbat chog‘ida tomonlar joriy qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini atroflicha muhokama qildilar va ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

    Xitoy tomoni O‘zbekiston hukumati tomonidan Bank tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagani, jumladan, bankning birinchi hududiy vakolatxonasini ochishdagi yordamlashgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ta’kidlanganidek, Toshkentdagi mintaqaviy vakolatxonasi Bankning 8 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyadagi faoliyatini qamrab oladi.

    Iqtisodiyotning suv xo‘jaligi, telekommunikatsiya, gidroenergetika va transport kabi tarmoqlarida qo‘shma istiqbolli loyihalar portfelini ko‘rib chiqishga alohida e'tibor qaratildi.

    Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonning turli tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalarini suveren bo‘lmagan asosda kelgusida moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yagona pozitsiyani ishlab chiqdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Ma’lumot uchun: bugungi kunga qadar Xitoy Eksim banki ishtirokida umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kimyo sanoati, energetika, transport, axborot texnologiyalari, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda, shuningdek, mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash doirasida 51 ta loyiha moliyalashtirildi.