Mazkur tadbir Xitoy xalqaro madaniy aloqalar markazi, Xitoy gazetalari assotsiatsiyasi, Xitoy mualliflik huquqi assotsiatsiyasi, Xitoy reklama assotsiatsiyasi hamda Shenchjen milliy tashqi madaniy savdo bazasi ko‘magida tashkil etildi.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston stendi tashkil etilib, unda mamlakatimizning savdo, investitsiya, madaniyat va sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda. Xususan, unda to‘qimachilik, milliy hunarmandchilikning turli yo‘nalishlari, xususan sopol, mis va yog‘ochdan ishlangan sanʼat asarlari va boshqalar mehmonlar eʼtiboriga havola etilmoqda.

O‘z navbatida O‘zbekiston mahsulotlari orasida alohida taqdim etilgan Nurota so‘zanalari namunalari ko‘rgazma ishtirokchilarida alohida qiziqish uyg‘otdi.

Mazkur tadbirda Xitoyning turli provinsiyalaridan tashrif buyurgan 1000 dan ortiq kompaniyalari ishtirok etmoqda. Uch kun davom etadigan ko‘rgazmaga 400 mingdan ziyod xorijiy va mahalliy mehmonlarning tashrifi ko‘zda tutilgan.

Yarmarka Xitoyning Guandun provinsiyasi va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini kengaytirish, o‘z mahsulotlarini namoyish etish, yangi hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish, ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda hududlar o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatishga qaratilgan. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad sanʼat, madaniyat, ishbilarmon doiralar vakillarini umumiy platforma ostida birlashtirish orqali isteʼmolchilarga yangi talqindagi mahsulotlarni taqdim etishdir.

Shenchjen Guandun provinsiyasining yirik shaharlaridan biri bo‘lib aholisi 18 millionga yaqin. Mazkur shahar fan, logistika va xalqaro keng qamrovli transport markazi va Xitoyning uchta yirik milliy moliyaviy markazlaridan biri bo‘lgan xalqaro texnologiya sanoati innovatsiyasi markazi hisoblanadi. 2022 yilda shaharning yalpi ichki mahsuloti hajmi 440 milliard dollardan oshdi.

Tadbir ishtirokchilari “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyularida o‘z fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.