Xitoyning Xanchjou Dyanszi universitetida Oʻzbekistonning boy madaniy merosi taqdim etildi

    Xitoyning Xanchjou Dyanszi universitetida Xalqaro madaniyat festivali boʻlib oʻtdi.

    Madaniy festivalning ochilish marosimida universitet prezidenti Chen Szyamin ishtirokchilarni bayram bilan qutlab, ushbu oliy taʼlim muassasasi faoliyati va uning xalqaro hamkorlik aloqalari haqida toʻxtalib oʻtdi.

    Madaniy festivalda universitet professor-oʻqituvchilari va talabalari, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

    Tadbirda yigʻilganlar xorijlik talabalar tomonidan namoyish etilgan taqdimotlarni kuzatib, dunyo madaniy xilma-xilligi va madaniy integratsiyasining cheksiz jozibasidan bahramand boʻldilar.

    Festival doirasida Oʻzbekiston elchixonasi diplomatlari universitet rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdilar. Unda mazkur tadbir xalqaro talabalar uchun oʻzaro urf-odatlar, anʼanalar va madaniyatni yaxshiroq tushunishda muhim platforma boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.

    Universitet prezidenti Chen Szyamin shu kunga qadar ushbu universitetni 78 nafar oʻzbekistonliklar muvaffaqiyatli tamomlaganini bildirdi. Hozirgi kunda universitetda 44 nafar yurtdoshimiz tahsil olmoqda. Universitet rahbariyati xorijlik talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirar ekan, ushbu oliygohda oʻz mamlakati rivojiga hissa qoʻshadigan oʻz sohasining ustasi boʻlgan professional kadrlarni yetishtirib berish ustuvor vazifa etib belgilanganini qayd etdi.

    Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida oliy taʼlim sohasidagi munosabat kelgusida ham izchil rivojlanib borishi taʼkidlanib, taʼlim yoʻnalishidagi doʻstona almashinuvlar va hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

    Bayram tadbiri doirasida vatandosh talabalar bilan birgalikda Oʻzbekiston milliy stendi tashkil etildi. Unda mamlakatimiz madaniyati va turistik salohiyati keng targʻib qilindi.

    Mehmonlarga soʻngi yillarda Oʻzbekiston – Xitoy oʻrtasidagi taʼlim, fan, madaniyat, xalq diplomatiyasi, sport va turizm sohalaridagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga koʻtarilgani aytildi.

    Jumladan, 2024-yil 22-yanvar kuni Pekin shahrida 100 dan ortiq universitetlar ishtirokida “Oʻzbekiston – Xitoy taʼlim forumi” muvaffaqiyatli oʻtkazilgani taʼkidlandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.