Xitoydan mamlakatimizga Xitoy — O'zbekiston hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasi keltirildi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mutasaddi vazirliklar, diplomatik korpus vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida 1 million dozadan iborat vaktsina qabul qilib olindi.
Mazkur vaksina Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti hamda o'zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda yaratilgan bo'lib, uni “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd” farmatsevtika kompaniyasi ishlab chiqargan.
Ma'lumotlarga qaraganda, yurtimizda bugungi kunga qadar ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasining III-faza sinovlarida etti mingdan ziyod kishi emlangan bo'lib, ularning har biri nazorat qilib borilmoqda. O'tgan yilning dekabr` oyidan buyon olib borilayotgan mazkur tadqiqotlar davomida emlangan ko'ngillilarda nojo'ya ta'sirlar qayd etilmadi. U JSST talablariga mos holda, O'zbekistonda IIIfaza sinovidan o'tayotgan yagona vaksina sanaladi.
— Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg'or texnologiyalar markazi va Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bu vaksina ustida keng ko'lamda tadqiqot o'tkazishga o'z hissalarini qo'shdi, — dedi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. — Bu rekombinat vaksina hisoblanadi. Tajribalar uning eng xavfsiz, samarali va ta'sir darajasi universal vaksinalardan biri ekanini ko'rsatmoqda. U turli xil shtammlarga samarali ta'sir ko'rsatadi, inson tanasiga tushganidan keyin yaxshi himoya qo'rg'oni hosil qiladi. Mazkur vaksinani kelgusida O'zbekistonda ham ishlab chiqarish ko'zda tutilmoqda.
ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasini yaratishda koronavirus tashqi oqsili biotexnologik usul bilan sintezlangan va organizmga yuborilganda oqsilga nisbatan immun javob hosil bo'ladi. Bunday vaksina boshqa turdagisiga nisbatan yuqori xavfsizlik profiliga ega.
— Koronavirusga qarshi vaksinalar bilan emlash uchun xavf osti guruhiga kiruvchi aholi qatlamini belgilab olganmiz. Ularning umumiy soni 4 million 112 ming nafarni tashkil etadi, — dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig'ining o'rinbosari Nurmat Otabekov. — O'zbekistonda birinchi galda 65 yoshdan yuqori, surunkali kasalligi mavjud bo'lgan aholi qatlami, undan so'ng tibbiyot, ta'lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, xorijda tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar emlanishi ko'zda tutilgan.
Tadqiqotchilar mazkur vaksina yordamida koronavirusning barcha shtammlaridan himoyalanish mumkinligini qayd etmoqda. Chunki ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi biotexnologiya usulida yaratilgan bo'lib, bunda virus toji, ya'ni bo'lakchalari kesib olinadi va laboratoriya sharoitida ko'paytiriladi.
Vaksinani hududlarga olib borish, saqlash, emlashning o'ziga xos talab va qoidalari bor. Ayni paytda respublikamizning har bir qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman ko'p tarmoqli tibbiyot birlashmasida emlash punktlari tashkil etilgan. U erda emlash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, kerakli jihozlar tayyor holatga keltirilgan. Vaksinalar joylarga maxsus sovitkichli avtomashinalar orqali qisqa muddatda etkazilishi rejalashtirilgan.
— O'tgan yilning dekabr` oyida O'zbekistonda vaksina sinovlarining 3-bosqichi boshlangandi, — dedi Xitoy Xalq Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Tszyan Yan` xonim. — O'zbekiston tibbiyot xodimlari va olimlari vaksina sinov jarayonlarini tashkil etishda yaqindan yordam berganini alohida ta'kidlashni istardim. Amalga oshirilgan ana shunday muvaffaqiyatli ishlar natijasida O'zbekiston mazkur vaksina hammuallifi sifatida tan olindi. Bu, o'z navbatida, ikki mamlakat o'rtasida sog'liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko'tardi.
Ma'lumotlarga ko'ra, hozirda emlash jarayonini boshlash uchun 3 ming 138 ta emlash punkti hamda 862 ta mobil` brigada shay holatga keltirilgan. Shuningdek, vaksinalarni tashish va hududlarga etkazish uchun Vaksina va Immunizatsiya Global Al`yansining moliyaviy mablag'lari evaziga, YUNISEF xalqaro bolalar jamg'armasining bevosita ko'magida 17 ta muzlatkichli yuk mashinasi (avtorefrijerator) va 206 ta MinivenLabo avtomobillari respublikamizga olib kelindi hamda joylarga taqsimlandi.
Risolat MADIEVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri