Xitoy–Oʻzbekiston xalqaro qoʻshma tadqiqot markazi tashkil etiladi

    Xitoyning Sinszyan-Uygʻur avtonom rayoni markazi — Urumchi shahrida “2025 Xitoy – Markaziy Osiyo mamlakatlari sanoat, taʼlim, tadqiqot, amaliyot integratsiyasi va hamkorlik” mavzusidagi xalqaro sammit boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda ikki davlat taʼlim vazirlari, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston taʼlim sohasi rahbarlari qatnashdi. Xususan, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti vakillari ham ishtirok etdi.

    Sammitda Shinjon qishloq xoʻjaligi universiteti, Xoxay universiteti, Shimoli-gʻarbiy A&F universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti va Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti oʻrtasida Suv-tuproq resurslaridan samarali foydalanish, shoʻr-ishqorli yerlar holatini yaxshilash va daryo-koʻl tizimini muhofaza qilish boʻyicha Xitoy–Oʻzbekiston xalqaro qoʻshma tadqiqot markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi kelishuv imzolandi.

    Bitimning asosiy maqsadi – ikki davlat oʻrtasida suv va tuproq resurslaridan samarali foydalanish, shoʻr yerlarni kompleks boshqarish, daryo-koʻl tizimlarini ekologik tiklash hamda ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish va boshqa yoʻnalishlarida barqaror hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat.

    Kelishuvga koʻra, markaz doirasida:

    • 60 nafar yuqori malakali olimlardan iborat ilmiy guruh shakllantiriladi;
    • 60 dan ortiq ilmiy maqolalar nashr etiladi;
    • 2–3 ta xalqaro ilmiy simpoziumlar oʻtkaziladi;
    • 10–20 nafar xalqaro magistr va doktorantlar birgalikda tayyorlanadi.

    Mazkur tashabbus Markaziy Osiyoda suv va tuproq resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlaydigan texnik yechimlar, bioseleksiya va aqlli qishloq xoʻjaligi sohalarida chuqur ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek, oziq-ovqat va suv xavfsizligini taʼminlashda ilmiy, amaliy asos boʻlib xizmat qiladi.


    Hamkorlik materiali